Toshkentda aprel oyidan boshlab “Zamonaviy mahalla” loyihasi boshlandi. Shaharni obodonlashtirishga qaratilgan ushbu loyiha aholi yashaydigan kvartallarni obod qilish hamda mahalla markazlarining qurilishini nazarda tutadi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Bundan tashqari, bu yerda fuqarolar yig‘inlari binolari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari, kutubxnalar, choyxonalar va boshqa obyektlar qurilishi rejalashtirilmoqda.
Shunday katta maqsadlar qo‘yilayotganiga qaramay, barcha mahallalar ham bunday tashabbusga rozi emas. Nashrga ayrim shaxslardan “hayotni zo‘rma-zo‘raki yaxshilash”ga qarshi murojaatlar kelib tusha boshladi. Ularda hokimiyat va o‘z-o‘zini boshqarish organlari fuqarolardan bexabar choralar ko‘rilayotgani aytiladi.
Jumladan, poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi Belariq mahallasida aholi bir necha haftadan buyon bolalar maydonchasi, avtoturargoh buzilib, yashil o‘t-o‘lan ekilishiga qarshi kurashmoqda.
2013-yili garajlar buzilganidan so‘ng bu hududlar ovloq ahvolda edi. Odamlar o‘zlarining hisobidan bu yerlarni chiqindidan tozalab, bolalar maydonchalari qurgan, yo‘llarni asfaltlashtirgan, daraxtlar ekkan.
Aprel oyida mahalla markazi qurilishi boshlandi. Uch qavatli binoda omborxonalar va yordamchi xonalar (yerto‘lalar), mahalla guzari, choyxona, novvoyxona, do‘konlar (1-qavat), go‘zallik saloni, sportzal, atelye, to‘garaklar xonasi (2-qavat), ofis binolari (3-qavat) bo‘lishi aytilmoqda.
Aholi bu qurilishga qat’iyan qarshi chiqmoqda.
“Bu yerda savdo nuqtalari kerak emas, bir qadam narida ‘Askiya’ bozori joylashgan. Yaqin atrofda supermarketlar bor. Bizga Prezident farmoni bor, zamonaviy mahalla qurish kerak deyishyapti. Yaxshilash, rekonstruksiya qilish kerakligiga qo‘shilamiz. Qurilishga qo‘shilmaymiz”, — dedi mahallada yashovchi Irina Lapushkina.
Aholi qurilish ishlariga qarshi kurashish maqsadida Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qildi, ammo hozircha natija bo‘lmadi.
Hokimiyat vakilining so‘zlariga qaraganda, boshqa mahallalarda bunday o‘zgarishlarga ijobiy fikr bildirilmoqda.
Izoh (0)