O‘zbekiston mobil aloqa operatorlari mamlakatdagi, xususan, o‘zi rahbarlik qilayotgan aloqa operatori tomonidan taqdim etilayotgan internet xizmatlari narxi qimmat ekanini tan oldi. “Bilayn-O‘zbekiston” rahbari Dmitriy Shukov va Ucell boshlig‘i Tonu Gryunberg bu haqda Xalqaro press-klubning 16-avgust kuni bo‘lib o‘tgan anjumanida fikr bildirdi.

“Bilayn-O‘zbekiston” rahbarining fikricha, internet tariflari narxlari masalasida 2017-yil oxirida jiddiy o‘zgarishlar yuz beradi.

Dmitriy Shukov.

Foto: Xalqaro Press-klub

Ha, O‘zbekistonda internetga ulanish narxlari hozircha qimmat. Bu faqat tariflarni o‘rnatadigan operatorlarga taalluqli muammo emas, bu — kompleks darajadagi muammo va uni hal qilish uchun xuddi shu darajada yondashuv talab etiladi.

Biz hozirda bu masala ustida faol ish olib boryapmiz va, umid qilamanki, yil oxiriga borib jiddiy o‘zgarishlar yuz beradi. Ya’ni, internet nisbatan xamyonbop bo‘ladi — bu aniq.

Dmitriy Shukov, “Bilayn-O‘zbekiston” bosh direktori

Ucell kompaniyasi bosh direktori Tonu Gryunbergning qayd etishicha, tariflar arzonlashishi uchun dastlab sohani rivojlantirish maqsadida katta investitsiyalar kiritmoq zarur.

Tonu Gryunberg.

Foto: Xalqaro Press-klub

O‘zbekistondagi internet tariflari juda ham qimmat emas, lekin narxlarni past ham deb bo‘lmaydi, albatta. Bizda hozircha texnik imkoniyatlar cheklangan — katta miqdorda trafikni qabul qila oladigan sig‘imlar bizda yo‘q.

Biz uchinchi, to‘rtinchi avlod aloqa tizimlarini rivojlantirishimiz, bunga katta investitsiyalar kerak. Bu ishlar amalga oshirilganidan so‘ng, megabaytlar narxi avtomatik ravishda tushadi. Tez orada shunday bo‘ladi ham. Bunga erishish uchun, taxminimcha, yana bir-ikki yilcha vaqt qoldi.

Tonu Gryunberg, Ucell bosh direktori