“Paxtakor”ning homiylari qatorida tugatilgan “Kamolot” ko‘rinib qoldi. Klub bu holat bo‘yicha alohida tushuntirish berishga majbur bo‘ldi

“Paxtakor” futbol klubi 10-avgust kuni yangi futbolchi bilan shartnoma imzolashi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazdi. Matbuot anjumanidagi klub homiylari va hamkorlari aks etgan banner ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va sportga ixtisoslashgan saytlar e’tiborini tortdi.

Bannerlarda faoliyati 30-iyun kuni tugatilgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining ham logotipi borligi foydalanuvchilardan savol tug‘dirdi (tugatilgan harakat o‘rnida, O‘zbekiston Prezidenti taklifiga ko‘ra, Yoshlar ittifoqi nomli yangi tashkilot tuzilgan).

Foto: “Tribuna.uz”

“Superklubga aylanish yo‘lida katta miqdorda pul sarflab, yangi futbolchilar sotib olayotgan ‘Paxtakor’da bannerni almashtirish uchun pul yo‘qmi yo klub Prezident qaroridan bexabarmi?”, — deb “Paxtakor”ga savol bilan murojaat qilgan saytlarning biri.

Foto: “Tribuna.uz”

“Paxtakor” matbuot xizmati “ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining izohlarini qiziqish bilan o‘rganishi va ularning talablarini hisobga olishi”ni ma’lum qilib, jamoatchilikda paydo bo‘lgan savollar bo‘yicha tushuntirish berdi.

“Paxtakor” futbol klubi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan uzoq va foydali hamkorlik qilib keladi. Harakat ramzidan klubning barcha rasmiy tadbirlarida foydalanadi.

Yoshlar ittifoqi rahbariyatiga ramzni almashtirish yuzasidan murojaat etilganda, “Kamolot” harakatini O‘zbekiston Yoshlar ittifoqiga aylantirish yuzasidan qaror qabul qilingach, tashkilotning yangi ramzini ishlab chiqish uchun tanlov e’lon qilingani haqida javob olindi.

Bugungi kunda Yoshlar ittifoqi rahbariyati tomonidan takliflar ko‘rib chiqilmoqda. Bu jarayonda eng ma’qul ramz tanlab olinadi. So‘ng u O‘zbekiston Adliya Vazirligi tomonidan tasdiqlanishi kerak.

“Kamolot” bizning hamkorimiz hisoblanadi va, kelishuvga ko‘ra, biz uning ramzidan yangi ramz rasman tasdiqlanmaguncha turli reklama va rasmiy bannerlarimizda foydalanishimiz lozim.

Yangi ramz taqdim etilguniga qadar “Paxtakor” futbol klubi eski ramzdan foydalanib turadi. Rasmiy tasdiqdan so‘ng, bannerlarga O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi ramzi joylashtiriladi.

“Paxtakor” FK bayonotidan

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing