O‘zbekiston Prezidentining 1-avgustdagi farmoyishi bilan nogironlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlashga qaratilgan maxsus komissiya tashkil etildi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Komissiya tarkibiga bosh prokuror, ombudsman, 12 vazirlik va davlat qo‘mitalari, inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi, NNT milliy assotsiatsiyasi va nogironlar jamiyati rahbarlari kirdi.
Hujjatda sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim, bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklarining nogironlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi faoliyati qoniqarsiz ekanligi komissiya tashkil etishiga asos sifatida aytib o‘tilgan.
Tug‘ma va nasliy kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar kutilgan natijani bermayapti. Chaqaloqlarni perinatal skrining ko‘rigidan o‘tkazish tug‘ma nuqsonlarni o‘z vaqtida aniqlashni va nogironlikning keyinchalik oldini olishni ta’minlamayapti, deyiladi hujjatda.
Yosh bolalarni yalpi kompleks skrining ko‘rigidan o‘tkazishni tashkil etish va olib borishdagi kamchiliklar reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirish uchun qulay fursatning boy berilishiga hamda bolalar nogironligi paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.
Nogironlik guruhini aniqlash hamda protez-ortopediya va reabilitatsiya texnika vositalari bilan ta’minlashda tibbiy-maslahat komissiyalari va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatidagi byurokratik tartib-taomillar bartaraf etilmagan.
Nogironlarni hisobga olishning kompleks tizimi mavjud emasligi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yetarlicha joriy etilmaganligi nogironlarning ijtimoiy ahvolini monitoring qilish va ularga o‘z vaqtida zarur tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish imkonini bermayotgani qayd etilgan.
Nogironlikni aniqlash uchun tibbiy-ijtimoiy ekspertiza o‘tkazishda qo‘llanilayotgan mezonlar 40 yil avvalgi uslubiyotga asoslangan, mazkur sohada chuqur ilmiy tadqiqotlarning mavjud emasligi bu muammoni yanada kuchaytirmoqda.
Nogironlarga ta’lim berish va ularni ishga joylashtirishning amaldagi tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Nogironlarni mehnat faoliyatiga jalb etish o‘rtacha 2 foizni tashkil qiladi, bu esa mas’ul idoralarning ushbu sohadagi ishi qoniqarsizligidan dalolat beradi.
Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardir:
- Qonunchilikni nuqsonlar, kamchiliklar va korrupsiogen omillar mavjudligi nuqtai nazaridan inventarizatsiya va tahlildan o‘tkazish;
- Nogironlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularning ta’lim va ishga joylashish huquqlari realizatsiyasining ahvoli, shuningdek, nogironlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi organlar faoliyatini tanqidiy nuqtai nazardan o‘rganib chiqish;
- Shaffoflikni oshirish, jarayonlardan o‘tishni osonlashtirish va muxlatlarini qisqartirish maqsadida tibbiy-kvalifikatsion komissiyalar va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish;
- Nogironlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni profesonal tayyorlash, qayta tayyorlash, shuningdek, malakasini oshirish, birinchi navbatda, nogironlarni ish bilan ta’minlash sohasidagi ishlarning ahvolini tahlil qilish;
- Nogironlarning jamoat transportidan, ijtimoiy va boshqa infrastruktura obyektlaridan to‘siqsiz foydalanishining ahvolini tahlildan o‘tkazish;
- Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash, tug‘ma va nasliy kasalliklarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olish sohasidagi qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish, shuningdek, aholining keng qatlamlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni, shu jumladan, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish ishlarini tubdan kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish.
Izoh (0)