Muhim transport loyihalari amalga oshirilishi bilan Ozarbayjon uchun qo‘shni hududlar yetakchi mamlakatlari bilan aloqalari ahamiyati ham oshib boradi. Ana shunday mamlakatlar orasida Markaziy Osiyo xaritasida markaziy o‘rinni egallovchi, Osiyo qit’asining yuragida joylashgan eng yirik va muhim davlatlardan biri O‘zbekiston bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda, deb yozadi “Kaspiy.az” nashri.
Tahlilchilar va ekspertlar Markaziy Osiyoda eng ko‘p sonli aholiga ega bo‘lgan, hududning barcha mamlakatlari bilan chegaradosh O‘zbekiston xavfsizlik va barqarorlik omili rolini bajarayotganligini bir ovozdan tasdiqlaydi. Ushbu mamlakat bugungi kunda siyosiy alg‘ov-dalg‘ovlik va iqtisodiy tannazulga yuz tutganda, hudud xaritasi qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin. O‘zbekistonda barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyot turg‘unligini ta’minlash mamlakat hukumatidan qancha sayi-harakatni talab qilishini anglash qiyin emas.
O‘zbekistondagi siyosiy jarayonlar haqida so‘z yurita turib, mazkur mamlakat bugungi kunda ko‘plab hududiy tahdidlar bilan yuzma-yuz bo‘lganligini tushunish lozim. Gap terrorchilik tashkilotlari, Afg‘oniston bilan qo‘shnichilik kabi beqarorlashtiruvchi omil, narkotik savdosi va boshqalar keltirib chiqargan muammolar haqida bormoqda. Rasmiy Toshkent mamlakat to‘qnash kelgan tahdidlar darajasini juda yaxshi tushunadi. Mamlakatning siyosiy rahbariyati ushbu tahdidlarni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Albatta bu barqarorlik asosida avlodlarning, shu jumladan boshqaruvning meros bo‘lib qolish siyosati yotadi. Mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov tomonidan joriy qilingan boshqaruv usullari va tamoyillari amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan to‘ldirilib, modernizatsiya qilindi.
Aynan Mirziyoyev bugungi kundagi ijtimoiy-siyosiy hayot modernizatsiyasiga qaratilgan yo‘nalish timsoli, o‘zbek jamiyati tomonidan ko‘tarinki ruh bilan qo‘llab-quvvatlangan inson bo‘ldi. “Ijtimoiy fikr” Jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari (Toshkent, 5—15-iyul) o‘zbekistonliklarning 90 foizga yaqini Shavkat Mirziyoyevning mamlakat prezidenti lavozimidagi faoliyatini ijobiy baholashini ko‘rsatdi.
Bu hayratlanarli emas. Shavkat Mirziyoyev ko‘p yillik tajribada ilk bor o‘tkazilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqqa murojaat qildi va xalq islohotlarni ma’qulladi. Ta’kidlash joizki, Mirziyoyev nafaqat o‘zi xalq bilan muloqotga kirishdi, balki uzoq vaqt davomida faqat o‘zi bilan mashg‘ul bo‘lgan mansabdorlarni haqiqatda ishlashga majbur qildi. Bu yo‘nalishdagi muhim qadam O‘zbekiston prezidentining Xalq qabulxonalarini tashkil etish bo‘yicha shaxsiy tashabbusi bo‘ldi.
Mazkur yangi tuzilmalarning vazifasi — aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish va murojaatlarni davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari mansabdor shaxslari ishtirokida to‘liq, obyektiv va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash.
Bir muddat avval bu kabi virtual qabulxonalarning ishlay boshlaganligiga o‘n oy to‘ldi. Ushbu vaqt davomida murojaatlar soni bir milliondan oshdi va ularda 26 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar eng faol fuqarolar bo‘ldi. Fuqarolar asosan turar-joy bilan bog‘liq muammolar, ishga joylashish, moddiy yordam va sud munozaralari masalalari bo‘yicha murojaat qilmoqda. Mazkur yo‘nalishlarning barchasi prezident apparatida izchillik bilan tahlil qilinmoqda, xulosalar chiqarilib, ular qabul qilinayotgan qonun va farmonlarda o‘z aksini topmoqda.
Bundan tashqari, oxirgi vaqtlar mobaynida Mirziyoyev soliq, pensiya, bank tizimi islohotini yo‘lga qo‘ydi, huquqni muhofaza qilish organlari tizimini tubdan o‘zgartirdi, butun mamlakat bo‘ylab to‘xtab qolgan o‘nlab zarur qurilishlarni qayta ishga tushirdi.
O‘zbekistonning tashqi siyosat borasidagi sezilarli faolligi ham e’tiborga molik. Toshkent mamlakatning yaxshi qo‘shnichilik va tinchliksevarlikka asoslangan tashqi siyosat tamoyillarini saqlab qolgan holda ichki hududiy va xalqaro hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan tobora ko‘proq ahamiyatga ega tashabbuslar bilan chiqa boshladi. Transport va energetika strategiyasini rivojlantira borib, O‘zbekiston muhim transport markaziga aylanmoqda.
Chuqur tarixiy aloqalar, yaqin va do‘stona munosabatlarga ega bo‘lgan Ozarbayjon va O‘zbekistonda mazkur munosabatlarni yangi shart-sharoitlarda davom ettirish uchun barcha sharoitlar mavjud. Yaqinda ikki mamlakat yetakchilari Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida islom davlatlari va AQShning Ar-Riyoddagi sammiti doirasida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mamlakatlar yetakchilari ikki tomonlama hamkorlik bilan bog‘liq masalalarning keng doirasini muhokama qildi. Shu munosabat bilan ikki mamlakat yetakchilarining sayi-harakatlari bilan yaqin vaqt ichida Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochilishiga ishonch bildirish mumkin.
Yangilangan O‘zbekiston uning yangi yetakchisi harakatlari tufayli bundan keyin ham Ozarbayjonning Markaziy Osiyo hududidagi eng ishonchli va yaqin hamkorlaridan biri bo‘lib qolishiga shubha yo‘q.
Izoh (0)