Buyuk Britaniya taxti valiahdi, Kembrij gersogi Uilyam va uning ukasi shahzoda Garri 24-iyul kuni ITV telekanali efirida chiqadigan hujjatli filmida birinchi marta o‘z onalari — malika Diana haqida gapirib beradi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar qilmoqda.
“Diana, mening onam: uning hayoti va merosi” filmida shahzodalar malikaning so‘nggi qo‘ng‘irog‘i haqida ham gapirib beradi.
Fojiadan bir necha soat oldin Diana xonim Parijdan turib Balmoral saroyiga, o‘g‘illariga qo‘ng‘iroq qildi. U yerda shahzodalar otalari, shahzoda Charlz va qirolicha Yelizaveta II bilan birga bo‘lib turgan edi.
Shahzoda Garrining so‘zlariga qaraganda, u ota-onasi bilan telefonda gaplashishni yoqtirmagan va go‘shakni xohlamasdan ko‘targan.
“Unga nima deb javob berganimni eslolmayman, ammo keyingi hayotim davomida bu suhbat qisqa bo‘lganidan afsuslanganman. Agar bu oxirgi suhbat bo‘lishini bilganimda unga aytishim lozim bo‘lgan hamma narsani aytardim. Orqaga qararkanman, buning qiyinligini tushunaman”, — dedi shahzoda.
Uilyam qo‘ng‘iroq paytida u ukasi bilan vaqtini chog‘ o‘tkazayotganini va suhbatni tezroq tugatishga harakat qilganini esga oldi.
“Men va Garri u bilan xayrlashishga shoshildik. Bu telefon suhbati xotiramga o‘rnashib qoldi”, — dedi gersog.
Malika Diana 1997-yil 31-avgustda Parijda YTH oqibatida halok bo‘lgan edi. U payti shahzoda Uilyam 15, shahzoda Garri esa 12 yoshda edi.
Izoh (0)