Futbol bo‘yicha Xitoy Super ligasining 18-turida mamlakatning ikki grandi — “Shanxay SIPG” va “Guanjou Evergrand” o‘zaro to‘qnash keldi.
Bellashuvga qadar Luis Felipe Skolari boshchilik qilayotgan guanjouliklar 40 ochko bilan ligada peshqadam bo‘lib turgan, shanxayliklar esa 1 ta kam ochko to‘plab, ikkinchi pog‘onada edi. O‘zaro o‘yindan keyin ham turnir jadvalida shu manzara saqlab qolindi.
Boisi o‘yin jangovor durang bilan yakuniga yetdi. Mamlakatning so‘nggi ikki yildagi chempioni “Guanjou Evergrand” ikki bor hisobda oldinga chiqib olganiga qaramay, yakunda g‘alabani qo‘ldan chiqardi — 2:2. Bellashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov to‘liq harakat qildi.
Super liganing markaziy uchrashuvini tomosha qilish uchun “Real” hujumchisi Krishtianu Ronaldu tashrif buyurdi. U avvaliga mehmonlar yechinish xonasiga yo‘l olib, o‘z vaqtida Portugaliya termasiga murabbiylik qilgan Luis Felipe Skolari bilan ko‘rishdi. Keyinroq esa “Shanxay SIPG”dagi hamyurti Andre Villash-Boashga peshvoz chiqdi.
Ronaldu kuzatib borgan uchrashuvda o‘zbekistonlik Odil Ahmedov to‘liq — 90 daqiqa to‘p surdi.
Tomonlarning 1-davra Guanjouda bo‘lib o‘tgan o‘yinida Skolari jamoasi 3:2 hisobida ustun kelgandi. Mazkur ikki klubning raqobati kelasi turlarda ham davom etadi.
Xitoy Super ligasi 18-tur o‘yini 22-iyul, shanba
Izoh (0)