Shu kunlarda Qarshi shahrining O‘zbekiston ko‘chasida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat binosi qad rostlamoqda. Bu haqda Uz24 xabar bermoqda.
Maktab shu ko‘chada joylashgan “Barkamol avlod” bolalar markazi yonida “Pudina Quvonchbek” MChJ quruvchilari tomonidan bino etilmoqda. Bu yerda 150 o‘rinli o‘quv bloki, 50 o‘rinli yotoqxona va 50 o‘rinli oshxona binolari bo‘ladi. Maktab yonida shoir haykali o‘rnatiladi. Binoga kiraverishdagi katta zal Abdulla Oripov muzeyiga aylantiriladi.
Qashqadaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bosh mutaxassisi Mavluda Toshevaning ma’lum qilishicha, joriy yil 1-iyuldan maktabda o‘qish istagini bildirgan nomzodlardan hujjat qabul qilish boshlangan:
“Bu yil 5, 6, 7, 8-sinflarga o‘quvchi olamiz. Atoqli shoir nomi bilan ataluvchi maktabda o‘qishga yoshlarning qiziqishi juda baland. Buni hujjat topshiruvchilarning ko‘pligidan ham bilish mumkin”.
Izoh (0)