Hong Dong laqabli kuchuk hozirgi kunda dunyodagi eng qimmat it hisoblanadi. Uni xitoylik multimillioner, ko‘mir magnati 10 million yuanga (1,5 million dollar) kimoshdi savdosida sotib olgan, deb xabar berdi “Fotoshedevri”.
Kuchuk o‘zining yangi uyiga qo‘riqchilar hamrohligida yo‘l olgan. Hong Dong — Tibet mastifi zotiga kiruvchi 11 oylik kuchukcha.
Ushbu kuchukcha hozirdanoq o‘z egasiga foyda keltirishni boshlab yuborgan. Undan nasl olmoqchi bo‘lganlar o‘z kuchuklarini Hong Dong’ning oldiga bog‘lab qo‘yishlari uchun 15 ming dollar to‘lashmoqda.
Xitoyda Tibet mastifi alohida ahamiyatga ega, chunki bu eng qadimiy ishchi zotlardan hisoblanadi. Aynan ular Tibetdagi ibodatxonalarga qo‘riqchilik qilgan. Afsonalarga ko‘ra mastiflar Chingizxonda va hatto Buddada ham bo‘lgan.
Hozirda “tilla” kuchukning balandligi bir metrga yetdi, og‘irligi esa 80 kilogrammdan ortiqroq. Uning ovqatlanish tartibiga alohida e’tibor bermoq lozim. U yangi joyga ko‘chib o‘tguniga qadar tanlangan mol va tovuq go‘shtini, tushlikda esa Xitoyning ekzotik delikateslarini — dengiz chig‘anoqlari va dengiz bodringlarini iste’mol qilgan.
Izoh (0)