Yomon ob-havo ssenariychining do‘sti. Qahramonlarni cho‘lda bo‘sh flyaga yoki sovuq bag‘rida qoldirish bilan film sujeti boshqacha tus oladi.
Ob-havo bilan bog‘liq turli vaziyatlar ekranda qanday yaratilishi bilan ForumDaily nashri bo‘lishadi.
Sovuq
Qanday yaratiladi: Kadrda sovuq hissiyotini yaratishning eng oson usuli qor yog‘dirishdir. Biroq kino san’ati boshlanish davrida bu oson kechmagan va qor rolini bajargan modda tarkibi tinmay o‘zgarib turgan. 1920-yillarning oxirida o‘t o‘chiruvchilar bu fojia bilan yakun topishi haqida ogohlantirmagunga qadar qor paxta parchalaridan iborat bo‘lgan. Shundan so‘ng qor olovga chidamli asbestdan tayyorlana boshlangan. Aynan uni “Oz mamlakati sehrgari” filmidagi sehrgar Doroti, kuchukcha Toto va ularning do‘stlariga yo‘llaydi. O‘sha vaqtlarda na sehrgar, na olimlar qizaloq sochlari va yuzlariga o‘lim keltiradigan birinchi darajali kanserogen sochilayotganligini anglamagan.
1947-yilda Frenk Kaprining “Bu ajoyib hayot” filmi ekranga chiqdi. Unda suv, sovun, shakar va o‘t o‘chirish ko‘pigidan iborat bo‘lgan ilk shovqinsiz qor qo‘llanilgan. U g‘archillashi tufayli doimiy ravishda dialoglarga qayta ovoz berishni taqozo etuvchi gips qirindisi yoki bo‘yalgan jo‘xori yormalari o‘rnini egalladi.
Qorni o‘xshatish uchun turli yillarda g‘aroyib mahsulotlar (tuz, un, tovuq parlari, plastik va hatto marmar uvog‘i) qo‘llanilgan, biroq zamonaviy kino ishonchli CGI va ekologik toza qor o‘rnini bosuvchini ma’qul ko‘radi.
Nyuanslar: Umuman olganda film kayfiyati sovuq tus olishi uchun qordan boshqa vositalardan ham foydalanish mumkin. Ba’zida buning uchun film qahramonlarini ko‘k, yashil va qora ranglar ustunlik qiluvchi atmosferaga joylashtirish kifoya qiladi (“Maxfiy hujjatlar”, “Qotillik”, “Ko‘prik”). Yana bir jihat: interyerda buyumlar qanchalik kam bo‘lsa, kadr shunchalik sovuq ko‘rinadi.
Sharros yomg‘ir
Qanday yaratilgan: Kamera yomg‘irlarni xush ko‘radi, biroq yomg‘irlar kamerani xush ko‘rmaydi. Sharros yomg‘irni tabiiy ko‘rinishida kadrga tushirishga uringan operator allaqanday ho‘l narsani suratga oladi. Kamera fokusi bir vaqtning o‘zida pastga tushayotgan tomchilar, aktyor va dekoratsiyalarni qamrab olishga qodir emas.
Shuning uchun yomg‘irni ajratib ko‘rsatishga to‘g‘ri keladi. Bir paytlar buning uchun katalizatorlardan foydalanilgan. Suv shaffofligini kamaytirish uchun sut va maxsus ximikatlar aralashtirilgan. Tomchilarga shakl berishning an’anaviyroq usuli ularni to‘g‘ri yoritishdir. Bu jarayonni “Yomg‘ir ostida kuylayotganlar” myuzkli hamrejissori Stenli Donen quyidagicha tasvirlaydi: “Tomchilar paydo bo‘lishi uchun operator yorug‘likni yomg‘ir ortidan o‘rnatishi lozim. Agar yomg‘irni faqat old tomondan yoritsangiz, barcha afsun yo‘qoladi”.
Dovul
Qanday yaratilgan: Har qanday murakkablikdagi vizual vazifani hal etishga qodir xromakey tortilganda kadrda uchayotgan uylar, sigirlar va avtomobillar haqida bosh qotirishga to‘g‘ri kelmaydi. Avvalroq esa kinolarda shamol o‘xshatilmasdan, aktyorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviatsiya dvigatellariga to‘g‘rilangan.
Biroq bu usulni universal deb bo‘lmaydi: juda sershovqin, ulkan va xavfli. Shuning uchun suratga olish maydonlarida zamonaviyroq qurilma — shamol puflagichlar paydo bo‘ldi. Ular ko‘rinishidan katta ventilyatorlarni eslatadi, faqat havoni soatiga 150 kilometrgacha haydab beradi.
Jazirama
Qanday yaratilgan: Tomoshabinlarni jazirama ostida qoldirishdan oson ish yo‘qdek go‘yo: ko‘proq quyosh, terlagan odamlar va ishga tushirilgan ventilyatorlar — jazirama tayyor. Biroq kinematografistlarning o‘ziga xos ayyorliklari ham bo‘lib, ular yordamida kadrdagi jazirama chidab bo‘lmas darajada ko‘rinadi. Eng qizigan rangli filmlarni yodga olsak, ulardan ko‘pchiligida teal & orange rangli palitrasini (teal — osmon, orange — quyosh) oson payqash mumkin.
Bu uyg‘unlik qanchalik keskin bo‘lsa, jazirama effekti tomoshabinlarga shuncha ko‘proq ta’sir qiladi. Biroq unga qadar quyosh taftiga olov uchqunlari, o‘q zarralari, cho‘g‘lanma lampalar, film qahramonlari liboslari va yoritish moslamalariga o‘rnatilgan to‘q sariq-qizil filtrlar yordamida urg‘u berilgan. Indiana Jons sarguzashtlarini yodga olsak, eng jazirama epizodlar g‘orlarda yuz bergan voqealarga to‘g‘ri keladi.
Izoh (0)