O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh—2018 yo‘lidagi raqiblari hisoblangan Qatar va Janubiy Koreya termalari yangi bosh murabbiylar bilan shartnoma tuzdi.
Janubiy Koreya termasiga bosh murabbiy etib Shin Taye Yong tayinlangani haqidagi xabar OFK rasmiy saytida chop etildi. Bunga qadar koreyaliklarga ustozlik qilgan germaniyalik mutaxassis Uli Shtilike Qatarga qarshi mag‘lubiyatdan keyin iste’foga chiqarib yuborilgandi.
Oldinda Janubiy Koreya termasini Eron va O‘zbekistonga qarshi uchrashuvlar kutib turibdi. 31-avgust kuni Seulda forslarni qabul qiladigan koreyalik futbolchilar, 5-sentabr kuni Toshkentda mehmon bo‘ladi.
Shin Taye Yong germaniyalik mutaxassis tashrifiga qadar, aniqrog‘i, 2014-yilning sentabrida Janubiy Koreya termasida bosh murabbiy vazifasini vaqtinchalik bajarib turgan. 46 yoshni qarshilagan mutaxassis 2005-yildan buyon murabbiy sohasida mehnat qiladi. U avvaliga “Brisben Roar” klubida uch yil yordamchi bo‘lgan. 2010—2012-yillarda “Seongnam Ilva Chunma”ni boshqardi.
So‘nggi ikki yilda Shin Taye Yong Janubiy Koreya U20 va U23 termalarida ishlab keldi.
O‘z navbatida Qatar termasi saralashning so‘nggi turida Janubiy Koreyani mag‘lub etgandi. Shunga qaramay, bosh murabbiy Xorxe Fosatti iste’fo berishga qaror qildi. Oldindagi ikki uchrashuvda qatarliklarga ispaniyalik Feliks Sanches boshchilik qiladi.
Ikkitagina ikki o‘yin uchun qatarliklar yangi murabbiy bilan shartnoma tuzib o‘tirmadi. Feliks Sanches Qatar U23 termasini boshqarib kelayotgandi. Oldindagi ikki o‘yinda u milliy termaga ham javob beradi. Shundan so‘ng mutlaqo yangi mutaxassis Dohada ishlash uchun jalb qilinadi. Bu haqda “Championat.asia” Qatar futbol assotsiatsiyasi rasmiy saytiga tayanib xabar berdi.
Izoh (0)