O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni turkmanistonlik hamkasbi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Davlat rahbari suhbat avvalida Gurbanguli Berdimuhamedovni 60 yillik yubileyi munosabati bilan samimiy muborakbod etdi.
O‘zbekiston Turkmaniston Prezidentini jahon miqyosidagi buyuk davlat va siyosat arbobi, katta hayotiy tajribaga ega, umrini o‘z mamlakati farovonligi va ravnaqiga sadoqat bilan xizmat qilishga bag‘ishlagan fidoyi rahbar sifatida yaxshi bilishi ta’kidlandi.
Davlat rahbarlari shu yilning mart va may oylarida Turkmanistonda o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan qarorlarni amalga oshirishning amaliy jihatlarini muhokama qildi. Barcha darajadagi aloqalar faollashib, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalar samarali amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Prezidentlar strategik sheriklikning yuksak darajasiga erishish imkonini bergan yaqin va samarali o‘zaro hamkorlik bo‘yicha to‘plangan tajriba ikki tomonlama aloqalarning mavjud ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro siyosatning o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.
Muloqot so‘ngida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni yubileyi bilan yana bir bor samimiy tabriklab, sihat-salomatlik, baxt-saodat, davlat rahbaridek mas’uliyatli faoliyatida yangi-yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Turkmaniston xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.
Izoh (0)