25-iyun kuni Andijon shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumat delegatsiyalarining topografiya va yer tuzish ishchi guruhi o‘rtasida O‘zbekiston–Qirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha muzokaralar samarali yakunlandi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat chegarasi to‘g‘risidagi oraliq bitimga kiritiladigan chegara chizig‘i uzunligini aniqlashni tezlashtirish maqsadida texnik va jismoniy faoliyat hajmining kattaligini inobatga olgan holda hamda O‘zbekistonning Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari bilan Qirg‘izistonning Botken, Jalolobod va O‘sh viloyatlari tutashgan hududlardagi davlatlar chegaralarining muhokama qilinadigan uchastkalarini murakkabligi sababli o‘zaro kelishuvga binoan muzokaralar o‘tkazish, qo‘shma dala tekshiruvlari va geodeziyaviy hisoblash ishlari muddati ikki kunga cho‘zildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qirg‘izistonlik hamkasbi Almazbek Atambayev bilan 2017-yil 9-iyunda Ostona shahrida ShHT sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida erishilgan kelishuvlar natijasida yuzaga kelgan konstruktiv qarash va ishchan muhit tomonlarga kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘zaro maqbul qarorga kelish imkonini yaratdi. Muzokaralar yakuniga ko‘ra tegishli bitim imzolanishi ham buni yana bir bor tasdiqlaydi.
Izoh (0)