WSB finaliga qadar yetib kelgan Astana Arlans va Cuba Domadores jamoalari finalni 15-iyul kuni Qozog‘istonda o‘tkazadi. Bu haqda musobaqa rasmiy sayti xabar berdi.
Astana Arlans guruh bosqichida Uzbek Tigers ustidan 4:1 hisobida zafar quchgan, Toshkentda esa 1:4 hisobida yengilgandi. Yakunda qozog‘istonlik bokschilar finalga qadar yetib keldi. Cuba Domadores jamoasi esa Samarqanddan 2:3 hisobidagi mag‘lubiyat bilan qaytib, o‘z ringlarida Uzbek Tigers’ni 5:0 hisobida taslim qilgandi.
Hozirga qadar har ikki jamoa WSB oltin medallarini ikki martadan qo‘lga kiritgan. Yettinchi bor o‘tkazilayotgan musobaqada g‘olib chiqqan jamoa chempionlik borasida yakka peshqadamga aylanib oladi.
Bir yil muqaddam ham mazkur ikki klub finalga qadar yetib kelgan bo‘lib, hal qiluvchi jangni Toshkentda o‘tkazgan, unda kubalik sportchilar g‘alaba qozongandi. O‘shanda o‘zbekistonlik bokschilar o‘z yurishiga yarim finalda yakun yasagan bo‘lsa, bu yil chorak finaldan o‘ta olmadi.
Izoh (0)