“Islam-today.ru” nashri qanday kategoriyadagi odamlar haj safarini amalga oshirishi mumkinligi, xususan, namoz o‘qimaydigan, ro‘za tutmaydigan kishilar, liboslari shariat qonunlariga muvofiq bo‘lmagan qizlar Makka va Madinaga haj safariga chiqa olish-olmasligiga aniqlik kiritdi. Shu mavzuda Tatariston Respublikasi musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi boshlig‘i Ruslan Nafisullin o‘z javobini taqdim etdi.
“Haj islom dinining namoz va ro‘za kabi beshta farzidan biri hisoblanadi. Shavval oyining 1-sanasida moddiy imkoniyatlari bo‘lgan, sog‘lig‘i joyida bo‘lgan musulmon kishi yo‘lda hech qanday to‘siqlar bo‘lmasa, Makkaga ziyoratga borishi kerak, aks holda, u gunohga qo‘l uradi. Namoz, ro‘za va haj — islom dinining alohida farzlari bo‘lib, ularning har biri uchun oxiratda alohida javob beriladi. Agar sizda hajga borish uchun istak va imkoniyat bo‘lsa, buni amalga oshirish kerak. Haj odamni juda keskin tarzda o‘zgartiradi, Makkada boshqa ziyoratchilar orasiga tushib qolganingizda namoz o‘qishga qiynalmaysiz, chunki sharoitning o‘zi sizni namoz o‘qishga undaydi. Juda ko‘p hollarda hajga borib kelgan odamlar namoz o‘qishni va ro‘za tutishni boshlaydi. Haj vaqtida iymon mustahkamlanadi va e’tiqod bo‘yicha yangi do‘stlar paydo bo‘ladi, ular bilan muloqot esa islom qoidalariga rioya qilishni osonlashtiradi.
Hajgacha va hajdan keyin shariat qoidalari bo‘yicha kiyinish esa — Ollohning amri. Odamning shariat bo‘yicha kiyinishi alohida, hajni amalga oshirishi alohida mukofotlanadi”, — deyiladi maqolada.
Izoh (0)