Ranjigan amerikalik shahar hokimiyati ma’muriy binosiga taxtakanalarni qo‘yib yubordi
Amerikaning Men shtati Ogasta shahrida yashovchi fuqaro mahalliy ma’muriyat binosiga taxtakanalarni qo‘yib yubordi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar bermoqda.
2-iyun, juma kuni erkak kvartirasidagi taxtakanalardan shikoyat qilib, shahar hokimiyatiga murojaat qildi. U yordam so‘radi, biroq rad javobini oldi.
Erkak bir nechta hasharotni bankaga to‘plab, boshqaruvchiga ko‘rsatganda, u fuqaroni kvartiradan chiqarib yuborishga qaror qildi.
Uysiz qolgan amerikalik taxtakanalarni ma’muriyat binosiga olib keldi va bankani ochib, undagi hasharotlarni stol ustiga ag‘dardi. Oqibatda yuzlab hasharot ofis bo‘ylab tarqaldi.
Ogasta siti-menejeri Uilyam Brijeoning ma’lum qilishicha, hodisadan so‘ng shahar rasmiylari hasharotlarni qiruvchilarni chaqirishga majbur bo‘lgan.
Taxtakanalardan shikoyat qilgan erkakni javobgarlikka tortish haqida hozircha qaror qabul qilinmagan.