Bugun — 3-iyun kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibini aniqlab berish uchun Madridning “Real” hamda Turinning “Yuventus” klublari maydonga chiqib keladi.
Uchrashuv oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Zinedin Zidan hamda Massimiliano Allegri ishtirok etdi.
Zinedin Zidan
Biz bu mavsum katta hajmda ish bajardik: La Ligada g‘olib chiqdik, Chempionlar ligasida finalgacha keldik.Biz bosim nima ekanini yaxshi bilamiz. Chunki har doim favorit hisoblanganmiz. Vaholanki finalda favorit bo‘lmaydi. Bitta o‘yindan iborat finalda hamma narsa bo‘lishi mumkin.
Biz ko‘plab bellashuvlarni boy berdik. Demak, mag‘lubiyat nima ekanini yaxshi bilamiz. Bu “Yuventus”ga ham tegishli. Bugun bizga qarshi ajoyib jamoa to‘p tepsa-da, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga urinamiz.
Milanda o‘tgan finaldan keyin biz endi Kardiffdagi “jang” uchun tayyormiz. Futbol uchun maydonga chiqdingmi, boringni berishing shart!
Men Turinda, “Yuventus”da o‘ynaganman va katenachcho nimaligidan yaxshi xabardorman.
Albatta, yarim himoya eng muhim jihat. Ammo eng qiyini — to‘p o‘tkazmaslik. 80—90 daqiqa yaxshi o‘ynab turasan-u, o‘yin oxirida raqibing gol urib ketsa, barchasi yakunlanadi. Aynan shu narsa hujumchilardan talab etiladi. O‘zim futbol o‘ynaganim uchun ham yaxshi bilаman — bu juda qiyin narsa. Ko‘p bo‘lmasa-da, menga bir necha bor muhim gollarni urish nasib qilgan.
Zinedin Zidan, “Real Madrid” bosh murabbiyi
Zidanning “Real” tepasiga kelishi muvaffaqiyatli bo‘ldi. U birinchi mavsumidayoq Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi hamda birinchi to‘laqonli mavsumida La liga chempionligini qo‘lga kiritdi. Endi esa Chempionlar ligasida ketma-ket ikki bor zafar quchgan ilk murabbiy bo‘lishga va mana shunday birinchi jamoani shakllantirgan shaxs sifatida tarixda qolishga yaqin turibdi.
Hozirgi holatim? Bolaligimda kimdir menga vaqti kelib shunday holatlarni boshdan kechirishim haqida aytsa, ishonmagan bo‘lardim. Ammo hozir yaxshi davrni boshdan o‘tkazayapman va bundan zavq olmoqdaman. Biz bilan bo‘layotgan har bir voqea menga manzur bo‘lmoqda. Men oddiy bir murabbiyman, jamoaning har bir a’zosi singari...Zinedin Zidan, “Real Madrid” bosh murabbiyi
Zinedin Zidan murabbiyligi vaqtida Krishtianu Ronaldu shaxsiy rekordlarini yangilash yoki iloji boricha ko‘proq gol urish bilan emas, balki jamoasi uchun o‘ynashga kirishib ketdi. Natija yomon emas, portugaliyalik hujumchi yil davomidagi rotatsiyalar sabab mavsum yakuniga yuqori formada yetib keldi. Yarim finalda “Atletiko” darvozasiga uchta gol urgani, “Bavariya” postini ikki bellashuvda jami besh marta nishonga olgani ham uning qanday formada ekanini ko‘rsatadi.
Krishtianu yaxshi inson, u boshqalar uchun ham qayg‘uradi, g‘alabalardan charchamaydi, g‘alaba unga doim kamlik qiladi. Hatto mashg‘ulotlarda ham g‘olib chiqishni istaydi. Chunki tabiatan yetakchi, ayniqsa maydonda. Bu unga qon bilan kirgan.Agar biz birga to‘p tepganimizda ham, Krishtianu yulduzligicha qolardi. Chunki ko‘p gol uradi. Bu esa muhim.
Zinedin Zidan, “Real Madrid” bosh murabbiyi
Massimiliano Allegri
Turinliklar bosh murabbiyi Massimiliano Allegri o‘zidan avval “Yuventus”da ishlagan Antonio Kontening ishini muvaffaqiyatli davom ettira oldi. Skudetto uning davrida ham A seriyaning “Yuventus”dan o‘zga klubiga nasib qilgani yo‘q. Uch yil ichida Chempionlar ligasi finaliga ikkinchi bor yetib kelish esa har qanday turinlikka manzur kelishi shubhasiz.
Tinch va xotirjam o‘ynaymiz. Butun yil davomida aynan shuning ustida ishladik.Oson bo‘lmaydi, ahir “Real” amaldagi chempion. Shu boisdan biz madridliklardan ko‘ra ko‘proq ishlashimiz kerak.
Bugun statistika hech qanday rol o‘ynamaydi. Bu final va u bitta o‘yindan iborat. Biz o‘z kuchimizga ishonishimiz va “Real”dan kuchliroq bo‘lishimiz kerak.
“Yuventus” oltita finalda yutqazgan deyayotganlar ko‘p. Biroq bu tarix. 15, 20 yoki 50 yil oldingi narsalarni eslashga hojat yo‘q. Bugun butkul yangi o‘yin bo‘ladi.
Massimiliano Allegri, “Yuventus” bosh murabbiyi
Xuddi Zidan kabi Allegri ham finalda qanday tarkib harakat qilishini aytmadi. Aniqrog‘i, bu borada yakuniy qarorga kelmaganini bayon etdi. Shunday bo‘lsa-da, mutaxassis raqib safidagi tandem va o‘z vaqtida “Real” safida to‘p tepgan Gonsalo Iguain haqida jurnalistlar tomonidan berilgan savolga javob qaytardi.
Beyl tezkorligi evaziga “Real”ga ko‘p narsa bera oladi. Isko esa ajoyib mavsumni o‘tkazmoqda. U bor vaqtda “Real” kombinatsiyalarini o‘qib olish qiyin bo‘ladi.Iguain hech narsani isbotlashi shart emas. U Monakoda ikki muhim golni urdi. Endi finalda ham o‘zining eng yaxshi o‘yinini namoyish etishiga ishonaman.
Massimiliano Allegri, “Yuventus” bosh murabbiyi
Bundan yetti yil muqaddam Milanning “Inter” klubi Joze Mourinyo boshqaruvida butun Yevropani o‘ziga qaratgan va trebl qayd etgandi. Avvaliga Italiya kubogi, keyinroq skudetto va yakunda Chempionlar ligasi g‘olibligi. Bugun “Yuventus” ham shuning ostonasida turibdi.
“Inter”ning 2010-yildagi natijasini takrorlash haqida o‘ylamadim. Biz A seriya chempionligi va Italiya kubogini qo‘lga kiritdik. Shunday ekan, bu mavsum biz uchun ajoyib o‘tdi deya olaman. Bugun esa mana shu mavsum unutilmas bo‘lishi yo‘lida harakat qilamiz.Massimiliano Allegri, “Yuventus” bosh murabbiyi
Izoh (0)