Toshkent shahrining Yunusobod tumanida talonchi tomonidan ayol kishi o‘ldirib ketildi. Jinoyatchi qo‘lga olindi, deb xabar beradi Toshkent shahar IIBB rasmiy sayti.
“19-may kuni taxminan soat 17:00 da Yunusobod tumani hududida joylashgan ko‘p qavatli uylarining birida ayol kishining ko‘plab sanchilib kesilgan jarohati bilan murdasi topilgan. Shuningdek, xonadondan unga tegishli bo‘lgan Samsung rusumli uyali aloqa telefon apparati, tilla taqinchoqlari va pullari saqlangan temir quti talon-toroj qilinganligi aniqlangan”, — deyiladi xabarda.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Olib borilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida jinoyat Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan Ali Amankulov tomonidan sodir etilganligi aniqlandi. Undan jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan 3600000 so‘m pul, 101 AQSh dollari, Samsung rusumli uyali aloqa telefon apparati, tilla taqinchoqlar va erkaklar qo‘l soati olindi.
Hozirda Amankulovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Izoh (0)