O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Rossiya Federatsiyasi hukumati o‘rtasidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnatini tashkil etish haqidagi bitim doirasida 2017-yilning 17—19-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi mas’ul xodimlari va O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi diplomatlaridan iborat tarkibdagi o‘zbek delegatsiyasi Krasnodar o‘lkasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Delegatsiya 17-may kuni Krasnodar o‘lkasi gubernatori o‘rinbosari S.V.Altuxov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida qonuniy mehnat migratsiyasi bilan shug‘ullanuvchi boshqarmalar o‘rtasidagi hamkorlik va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Krasnodar o‘lkasi hududida ish bilan ta’minlash imkoniyatlari masalalari muhokama qilindi.
2017-yilning 18-may kuni agentlik vakillari Krasnodar o‘lkasi “Karyera” davlat unitar korxonasi bosh direktori O.Popova bilan uchrashuv o‘tkazdi. Shu kunning o‘zida Ko‘p tarmoqli migratsiya markaziga tashrif amalga oshirildi. Mazkur uchrashuv davomida agentlik tomonidan uning faoliyati, vazifalari va Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlik sohasidagi bundan keyingi rejalari haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi.
Hozirgi paytda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va “Karyera” davlat unitar korxonasi o‘rtasida bundan keyingi hamkorlik va Krasnodar o‘lkasida mehnat faoliyati maqsadlarida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini legallashtirish bo‘yicha kelishuvni imzolash masalalari ishlab chiqilmoqda.
Izoh (0)