Ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilishining 25 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va uning shveysariyalik hamkasbi Doris Loytxard bir-biriga maktub yo‘lladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston rahbari o‘z maktubida ikki tomonlama aloqalarda erishilgan darajaga yuqori baho berib, o‘tgan davr mobaynida mamlakatlar o‘rtasida mustahkam do‘stlik va hamfikrlikning mustahkam an’analariga asoslangan o‘zaro teng hamkorlik o‘rnatilganini ta’kidlab o‘tdi.
“Munosabatlarning butun kun tartibi bo‘yicha ochiq va konstruktiv muloqot olib borilmoqda. Ikki tomonlama aloqalarning barcha yo‘nalishlarini qamrab oluvchi shartnoma-huquqiy baza shakllantirildi”, — deyiladi maktubda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston–Shveysariya hamkorligini birinchi navbatda savdo-iqtisodiy va investitsion-texnologik sohalarda o‘stirishda keng imkoniyatlar va katta salohiyat borligi aytib o‘tildi.
Shveysariya rahbari o‘z maktubida ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
“Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaxshi munosabatlar va turli sohalardagi hamkorligimiz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ushbu do‘stlikni aks ettiradi. Shveysariya O‘zbekistonning eng muhim savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi, va ikki tomonlama iqtisodiy komissiyamizning muntazam uchrashuvlari ikki tomonlama savdodagi ijobiy tendensiyalardan darak beradi”, — deyiladi Doris Loytxardning maktubida.
Maktubining yakunida Loytxard xonim O‘zbekiston va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik yanada mustahkamlanishini tilab qoldi.
Izoh (0)