Mosul maktabining o‘qqa tutilishi oqibatida 81 kishi halok bo‘ldi
Mosul g‘arbida joylashgan maktab raketa hujumiga uchradi. Iroq xavfsizlik tuzilmasining ma’lum qilishicha, 81 kishi halok bo‘lgan, deb yozadi “TASS”.
Mosulning IShID guruhi jangarilari nazorati ostida bo‘lgan g‘arbiy hududidagi Al-Vela maktabiga zarba berilgan. Halok bo‘lganlar orasida 34 erkak, 29 ayol va 18 bola bor.
Bu odamlar Iroq kuchlari va IShID o‘rtasida davom etayotgan janglar tufayli o‘quv muassasasi binosida yashiringan edi. Hozirgi paytda qaysi tomon maktabga zarba berganligi haqida aniq ma’lumot yo‘q.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.