Amerikaning Johnson & Johnson kompaniyasi uning talkli mahsulotini ishlatgandan so‘ng saratonga chalinib qolgan Virjiniya shtati fuqarosiga tovon puli sifatida 110 million dollar to‘laydi, deb yozadi “TASS”.
Tegishli hukmni Amerikaning Sent-Luis (Missuri shtati) shahri sudi chiqardi. Ayolning ta’kidlashicha, u Johnson & Johnson kompaniyasining talkli prisipkasidan qirq yil davomida har kuni foydalangan. 2012-yilda unda tuxumdonlar saratoni aniqlangan, saraton keyinroq jigarga tarqalgan. Ayni paytda ayol kimyoviy davolash kursidan o‘tmoqda.
Johnson & Johnson kompaniyasining javob bayonotida kompaniya ayolga hamdardlik bildirdi, ammo sud qaroridan norozi bo‘lib shikoyat arizasi berishini ma’lum qildi. Ular o‘z mahsuloti xavfsiz ekanligini ta’kidlab turib oldi.