Toshkent mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatining yarim finaliga yana uch nafar o‘zbekistonlik sportchi yo‘l oldi va Germaniya mezbonligidagi Jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Elnur Abduraimov hindistonlik Farrand Papendangdan ustunlik qildi va -60 kilogramm vazn toifasidagi sportchilar to‘rtligidan joy oldi.
-64 kilogramm chempionligi uchun kurash olib borayotgan Iqbol Xoldorov esa Xitoy Taypeyidan bo‘lgan raqibi Xung Ming Panni nokautga uchratdi va yarim final chiptasiga ega chiqdi. Unga qadar Murod Ahmadaliyev ham yarim final yo‘lida raqibini nokautga uchratishga muvaffaq bo‘lgandi.
-75 kilogramm vazn toifasida chempionlik uchun intilayotgan Isroil Madrimov birinchi raundda ustunlikni berib qo‘ygandek taassurot qoldirgandi. Shunga qaramay u yakunda filippinlik Eumir Marsialni taslim etishga muvaffaq bo‘ldi.
Izoh (0)