O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-aprel kuni “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatsiya agentligining faoliyatini takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Hujjatga keltirilgan rasmiy sharhda “O‘zstandart” agentligi faoliyati bilan bog‘liq yechimini topmay kelayotgan bir qancha masalalar tilga olinadi.
Agentlikning tashkiliy tuzilmasi xalqaro talablarga javob bermas, belgilangan vazifalarning samarador bajarilishini ta’minlamas edi. ISO xalqaro tashkiloti standartlarini qabul qilish ishi yaxshi tashkil etilmagan edi. Milliy standartlashtirish hujjatlari fondida ularning ulushi 13 foizni tashkil etadi. Shu va boshqa kamchiliklar hujjatda tilga olindi.
Bundan tashqari, agentlik respublika korxonalariga xalqaro sifat boshqaruvchi tizimlarini joriy etish bo‘yicha ko‘mak berish ishida oqsamoqda. Nihoyat, respublikaning mavjud etalon bazasi sanoatning alohida sohalarida qo‘llanuvchi yuqori aniqlikdagi uskunalarni metrologik nazorat bilan qamrash imkonini bermas edi.
Prezident qarori bilan “O‘zstandart” agentligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Bular:
- Mahalliy mahsulotlar zamonaviy talablarga javob berishini hamda uning tashqi bozoralarda raqobatbardoshligini uni ishlab chiqarishda xalqaro standartlar va texnik reglamentni faol tarzda joriy etish yo‘li bilan ta’minlash;
- Birinchi navbatda eksportchi korxonalarda mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlarini keng miqyosda joriy etish, mahsulotni xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlash;
- Eksportchi korxonalarga mahsulot sertifikatsiyasi, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish masalalarida qulay shart-sharoitlar yaratish;
- Texnik nazorat va metrologiya tizimlarini rivojlantirish, ularning realizatsiya qilinayotgan mahsulot xavfsizligini tizimli nazorat qilishdagi samaradorligini oshirish;
- Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, tadbirkorlik subyektlari hamda aholiga ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari turlarini kengaytirish;
- Texnik nazorat, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatsiya va akkreditatsiya sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil qilish.
“O‘zstandart” agentligi qoshida “O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlari akkreditatsiyasi markazi” hamda “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonalarining ta’sis etilishi rejalashtirilgan. “Respublika sinov va sertifikatsiya markazi” qayta tuziladi.
Etalon bazasini davlat budjetidan etalonlarni va eng yuqori aniqliklarni o‘lchash vositalarini xarid qilish yo‘li bilan rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.
Izoh (0)