Bir necha yil davomida Braziliyaning eng badavlat odami hisoblangan tadbirkor Eyke Batista 30-aprel, yakshanba kuni uy qamog‘iga hukm qilindi. Biznesmen sud jarayonini kutgan “Bangu” jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilish jarayonini Globo telekanali namoyish etdi, deb yozadi “TASS”.
Sobiq milliarder jazoni Rio-de-Janeyro Botanika bog‘i yaqinida joylashgan ikki qavatli dang‘illama uyda o‘taydi. Batistaga o‘zi aloqador hisoblangan korrupsiya ishi bo‘yicha boshqa gumonlanuvchilar bilan muloqot qilish taqiqlangan. Bundan tashqari, politsiya oldindan ogohlantirishsiz uning uyida paydo bo‘lish huquqiga ega.
29-aprel, shanba kuni OAVlari Braziliya oliy sudi sudyasi Jilmar Mendes korrupsiya ishi bo‘yicha sud jarayoni davomida Batistani hibsdan ozod etish haqida qaror qilganligi haqida xabar bergan edi. Biroq bir necha soatdan so‘ng yangi qaror chiqarilib, sobiq milliarder uy qamog‘iga hukm qilindi.
Batista yanvar oyi oxirida gumonlanib hisbga olingan edi. U Rio-de-Janeyro shtati sobiq gubernatori Serjiu Kabralga 16,5 million dollar pora berganlikda ayblanmoqda. Gubernator o‘tgan yilning noyabr oyida korrupsiyada gumon qilinib hisbga olingan edi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)