2017-yilning 15—16-may kunlari Toshkent va Samarqandda “O‘zbekiston madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l” mavzuida ikki kunlik xalqaro ilmiy-madaniy kongress o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda UZ24 xabar bermoqda.
Tadbirda sharqshunoslik, arxeologiya, tarix, sharq qo‘lyozmalari, numizmatika, to‘qimachilik, kulolchilik sohalariga ixtisoslashgan 120 dan ortiq xorijiy va 100 dan ortiq mahalliy olim va ekspert ishtirok etadi. Ular orasida Rossiya, Kanada, Italiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Misr, Koreya, Belgiya, Gollandiya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, AQSh, Xitoy, Turkiya, Gretsiya, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlardan mashhur olimlar, muzeylar va ilmiy institutlar rahbarlari, ilmiy jurnallar muharrirlari, taniqli kolleksionerlar, shuningdek, YuNESKO va ICOMOS (Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni saqlash bo‘yicha xalqaro kengash) vakillari, ko‘p sonli asarlar va kitoblar muallifi bo‘lgan olimlar bor.
Kongressda O‘zbekiston hududida va dunyoning turli mamlakatlari muzeylarida saqlanayotgan moddiy va badiiy madaniyatning nodir obyektlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglanishi kutilmoqda.
Tadbirda “O‘zbekistonning madaniy merosi” turkumi sifatida uch tilda nashr etilgan kitob-albomlarning dastlabki besh jildi — “Sharq davlat muzeyi to‘plami” (Moskva), “Rossiya etnografiya muzeyi to‘plami” (Sankt-Peterburg), “Tretyakov davlat galereyasi to‘plami” (Moskva), “O‘zbekiston gilamlari va kashtalari dunyo to‘plamlarida” (Rossiya, AQSh, Kanada, Avstraliya), shuningdek, “Alisher Navoiy asarlari Rossiya milliy kutubxonasi to‘plamlarida” (Sankt-Peterburg) kitoblari namoyish etiladi.
Bundan tashqari, nashr etishga tayyorlanayotgan olti jild — “O‘zbekistonning musiqiy merosi”, “Davlat Ermitaji to‘plami”, “Davlat tarix muzeyi to‘plami”, “Sharq qo‘lyozmalari instituti to‘plami”, “O‘zbekiston gilamdo‘zligi: asrlar osha saqlangan an’analar” va “Germaniya muzeylari to‘plamlari” taqdimoti ham o‘tkaziladi. Har bir jildni tayyorlash rahbarlari O‘zbekistonning taniqli olimlari, san’atshunoslari, musiqashunos va sharqshunoslari hisoblanadi.
Kongress doirasida chet ellik professorlar, tarix, san’atshunoslik fanlari doktorlari, san’at sohasidagi yetakchi ekspertlar tomonidan O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosiga bag‘ishlangan qisqa ma’ruzalar tayyorlanadi. Shuningdek, tashkilotchilar va tadbir ishtirokchilaridan kongressga maxsus qutlovlar olinishi kutilmoqda, ular uch tilda nashr etish rejalashtirilayotgan tadbirning maxsus jurnaliga kiritiladi.
Kongressning qo‘shimcha tadbirlari dasturi bilan “Uz24.uz” sahifasida tanishishingiz mumkin.
Izoh (0)