Turkiyaning 81 viloyatida konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Anadolu agentligiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
Referendumda ovoz berish huquqiga 55 milliondan ortiq fuqaro ega bo‘lgan.
“TASS”ning yozishicha, Turkiya ichki ishlar vazirligi xavfsizlikning kuchaytirilgan choralarini ko‘rdi. Bunga 250 mingdan oshiq politsiyachi, 128 ming jandarm, 70 mingga yaqin qo‘riqlash tizimi xodimlari va ko‘ngillilar jalb etildi.
Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar Turkiyada boshqaruvning parlament o‘rniga prezidentlik shakli joriy etilishini ko‘zda tutadi. Prezident vakolatlari sezilarli darajada kengaytiriladi va u ham davlat, ham hukumat rahbariga aylanadi.
Bosh vazir lavozimi bekor qilinadi, prezident esa vitse-prezident, vazirlar, prokurorlar va sudyalar kollegiyasining bir qismini tayinlash huquqini qo‘lga kiritadi.
Dastlabki natijalar keyinroq e’lon qilinadi. “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)