O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi etib qayta tashkil etildi. Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida nazarda tutilgan.
Farmon “tashqi savdo aloqalarining samaradorligini yanada oshirish, tashqi savdoni liberallashtirish, eksport salohiyatini mustahkamlash hamda raqobatdosh mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish tizimini takomillashtirish, mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan xorijiy sheriklar o‘rtasida savdo sohasida uzoq muddatli barqaror sheriklik munosabatlarini shakllantirish maqsadida” qabul qilingan.
O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi vakolatli davlat organi bo‘lib, tashqi savdo sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi hamda tashqi savdo faoliyatini tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi.
Avvalroq O‘zbekiston Prezidentining boshqa farmoni bilan O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tashkil etilgan bo‘lib, u yagona davlat investitsiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun mas’ul vakolatli davlat organi etib belgilangan edi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)