So‘nggi paytlarda kommunal soha idoralari xodimlari, aniqrog‘i, hudud nazoratchilari tomonidan iste’molchilar gardaniga asossiz qarzdorlik yuklash holatlari tobora ko‘payayotgani ko‘pchilikda tashvish uyg‘otmoqda. Asossiz qarzdorlik muammosini bartaraf etish maqsadida tegishli idoralarga kelayotgan ariza-shikoyatlar soni oshib borayotgani bu masalani jiddiyroq tahlil qilishga undaydi. Quyida “Biznes-Daily.uz” muammoga misollar asosida to‘xtalib o‘tadi.
Nazoratchining xatosi tufayli...
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasiga o‘tgan 2016-yil mobaynida iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlarning 173 tasi (jami murojaatlarning 79,4 foizi), 2017-yilning 1-choragi davomida yo‘llangan ariza va shikoyatlarning 110 tasi (75,9 foiz) kommunal xizmatlar, ya’ni tabiiy gaz, suv, elektr va issiqlik energiyasi ta’minoti sohasiga to‘g‘ri keladi.
Gap shundaki, ushbu murojaatlardan ko‘zlangan maqsad bitta — nazoratchi tomonidan iste’molchi gardaniga yuklatilgan oshiqcha qarzdorlikni, asossiz ravishda talab qilinayotgan to‘lovni bartaraf etishga yordam so‘rash.
Hududiy boshqarma tomonidan Urganch shahrida yashovchi B.Xudoyberganovning arizasiga ko‘ra o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida uning xonadoniga “Urganchshahargaz” filiali tomonidan tabiiy gaz uchun asossiz ravishda juda katta miqdorda qarzdorlik hisoblangani qayd qilingan.
O‘rganishlar davomida, haqiqatan ham, “Urganchshahargaz” filiali nazoratchisining noto‘g‘ri hisob-kitobiga ko‘ra B.Xudoyberganovga foydalanilmagan gaz uchun 574 570 so‘m, gaz hisoblagichning qiyoslov muddati o‘tganligi ro‘kach qilinib 149 719 so‘m asossiz to‘lov belgilangani ma’lum bo‘ldi. Natijada hududiy boshqarma aralashuvi bilan B.Xudoyberganov xonadoniga asossiz yuklatilgan 724 289 so‘m miqdoridagi to‘lov qayta hisob-kitob qilinib, iste’molchi foydasiga hal etildi.
Gaz yo‘q, lekin qarz bor
Iste’molchi manfaati himoya qilinayotganligi yaxshi, albatta. Ammo asossiz qarzdorlik yozilishi bilan bog‘liq salbiy holatlarning tez-tez uchrayotgani kishini tashvishga solmasligi mumkinmi? Nima sababdan soha xodimlari, ya’ni nazoratchilar o‘z bilganlaricha hisob-kitob qilib, aholida kommunal sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlardan norozilik uyg‘onishiga sabab bo‘lmoqda? Sun’iy tarzda qo‘shib yozishlardan nazoratchining maqsadi nima? Bu e’tiborsizlik natijasimi yoxud rejali asosda qilinyaptimi?
Hisob-kitobdagi aniq holatdan ko‘ra uni chalkashtirishdan kimga foyda-yu kimga zarar?! Aslida “bo‘lsa besh, bo‘lmasa o‘n besh” qabilida ish yuritishga odatlanib qolayotgan hudud nazoratchilari o‘z sohasiga doir me’yoriy hujjatlardan xabardormi?
Xiva tumanidagi Chinobod qishlog‘ining Pirnaxos mahallasida yashovchi M.Tojiyeva arizasida ko‘rsatilishicha, uning xonadoniga “Xivatumangaz” xodimlari tomonidan 153 937,23 so‘m qarzdorlik yuklatilgan. Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 5-iyuldagi “Xorazm viloyati iste’molchilarini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, ushbu hudud tarmoqdan ajratilgan. Demak, gaz yo‘q, qarzdorlik ham bo‘lmasligi kerak. Buni gaz idorasi xodimi bilmasligi mumkinmi? Aslo mumkin emas. U holda uning ushbu xatti-harakatini qanday izohlash kerak?
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-martdagi 99-qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, “plomba buzilgan va gaz ta’minotiga texnik hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda iste’molchi nazoratchining oxirgi tashrifidan boshlab bir sutkada 24 soat hisobidan kelib chiqqan holda o‘rnatilgan gazdan foydalanish jihozining to‘liq qiymati bo‘yicha hisoblab chiqilgan qiymatini to‘laydi”. Bu hujjat talablarini mensimagan yoki unga zid ish tutgan holda ayrim nazoratchilar iste’molchi xonadoniga oxirgi tashrifi kunini inobatga olmasdan, asossiz dalolatnoma rasmiylashtirayotgani holatlar ham uchrab turibdi.
Bizni tinch qo‘y ...
Xorazm viloyati hududiy raqobat boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Urganch shahri tabiiy gaz ta’minoti korxonasi tomonidan hisoblangan qarzdorliklar bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalar va iste’molchilarga asossiz ravishda qarzdorlik yozilayotganidan norozi bo‘lgan iste’molchilardan 2016-yilda 137 ta shikoyat-ariza kelib tushgan. Murojaatlar asosida olib borilgan o‘rganishlar natijasida “Urganchshahargaz” filiali tomonidan 77,3 million so‘m miqdorida asossiz hisoblangan qarzdorliklar qayta hisob-kitob qilingan. Iste’molchilarga asossiz tarzda oshiqcha to‘lov hisoblash, debitor qarzdorlikni sun’iy tarzda oshirib ko‘rsatish “Urganchshahargaz” filialida hali ham surunkali tarzda davom ettirilmoqda.
Achinarli tomoni shundaki, iste’molchilarning asossiz qarzdorliklarni bartaraf qilish yuzasidan og‘zaki murojaatlariga “Shimolgazta’minot” UK Xorazm viloyati boshqarmasi ham, “Urganchshahargaz” filiali xodimlari ham sansalorlik bilan munosabatda bo‘lmoqda. Ular murojaatchilarga o‘z vaqtida yordam berish o‘rniga muammoni o‘zlaridan soqit qilish maqsadida fuqarolarni prokuraturaga yoki monopoliyaga qarshi davlat organiga ariza berib, qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha qog‘oz olib kelish talabi bilan ovorayu sarson qilmoqda.
Soha mutasaddilari o‘z xodimlari faoliyatidagi nuqsonlarni xaspo‘shlab, “suvdan quruq chiqishga” urinishlaridan maqsad nima? Aslida iste’molchi bilan o‘zaro ishonch, hurmat asosida hamkorlik qilishdan soha vakillari ko‘proq manfaatdor emasmi?!
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)