Devis kubogining 2017-yilgi mavsumi O‘zbekiston terma jamoasi uchun o‘z yakuniga yetdi.
Saralashning birinchi bosqichida o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyani mag‘lub etgandi. O‘sha bellashuvlarda Denis Istomin ketma-ket ikki o‘yinda zafar quchgan, shuningdek, juftlik bellashuvlarida ham kortga tushib, O‘zbekiston termasiga navbatdagi bosqich chiptasini taqdim etgandi.
Shu tariqa o‘zbekistonliklar Hindistonga raqib bo‘ldi. Biroq uchrashuvga qadar Denis Istominning tovonidan olgan jarohati tuzalmadi va delegatsiya safarga mamlakatning birinchi raqamli tennischisisiz yo‘l oldi.
To‘qnashuvning ilk kunida kortga tushgan o‘zbekistonlik har ikki sportchi imkoniyatni boy berdi. Temur Ismoilov hindistonlik raqibidan 2:6, 7:5, 2:6, 5:7 hisoblarida yengilgan bo‘lsa, Sanjar Fayziyev 5:7, 6:3, 3:6, 4:6 hisoblarida mag‘lub bo‘ldi.
Bugun — 8-aprel kuni har ikki terma juftlik bellashuvlarida to‘qnash keldi. Unda O‘zbekiston sharafini Farrux Do‘stov hamda Sanjar Fayziyev himoya qildi. Bahsda mezbonlar har uchala setni ham o‘z foydasiga hal qildi — 6:2, 6:4, 6:1.
Shu tariqa hisob 3:0 ko‘rinishini oldi va keyingi ikki belashuvga hojat qolmadi. O‘zbekiston termasi Hindistondan mag‘lub bo‘lib, turnirdan chiqib ketdi.
Izoh (0)