Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni o‘rganish davomida deputat Akmal Rahmonov tumandagi mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘lim va boshqarmalarning ish faoliyati, ularda yoshlarni harbiy xizmatga keng jalb etish borasidagi tadbirlari bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Chaqiruv komissiyalari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida ularning tarkibiga davlat hokimiyati organlari, jamoatchilik tashkilotlari, O‘zbekiston ‘Kamolot’ yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo‘mitasi, ‘Nuroniy’ va ‘Mahalla’ jamg‘armalari vakillari kiritilgan. Muddatli harbiy xizmat davomida o‘zining ijobiy jihatlarini namoyish etgan harbiy xizmatchilar uchun belgilangan imtiyozlar tizimi yaxshi natija bermoqda”, — deydi deputat Akmal Rahmonov.
Yigitlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovi asosida saralab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu tanlovda yoshlarning maktab ta’limi dasturidagi predmetlarni o‘zlashtirish darajasi, ularning intellektual salohiyati, moslashuvchanlik va chidamlilik qobiliyatlari tekshiriladi. Shuningdek, jismoniy tayyorgarligi sinovdan o‘tkaziladi. Test sinovlari yakunida barcha ballar jamlanadi va shu asosda chaqiriluvchining salohiyati aniqlanadi.
“Oxirgi o‘zgarishlarga ko‘ra, yangi o‘quv yilidan (2017—2018) boshlab O‘zbekiston qurolli kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qismlar tavsiyanomalariga ega bo‘lgan abituriyentlarga kirish testlarida to‘plagan ballarining 50 foizi qo‘shib beriladi. Avvalroq armiyada xizmat qilgan fuqarolarning kirish imtihonlaridagi bu imtiyoz maksimal mumkin bo‘lgan ball miqdorining 27 foiziga teng edi. Imtiyoz mamlakatning turli yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavrlar tayyorlaydigan barcha oliy o‘quv yurtlariga tegishli. Bunday imtiyozlar, albatta yoshlarni Vatanga bo‘lgan muhabbatini oshirishga, bilim olish va yurtga fidoyi xizmat qilishga undaydi”, — deya fikrlarini to‘ldirdi deputat Akmal Rahmonov.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)