O‘zbekiston Respublikasi onkologiya ilmiy markazida limfoproliferativ kasalliklarni davolash masalalariga bag‘ishlangan ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston shifokorlari, N.Bloxin nomidagi Rossiya onkologiya ilmiy markazi mutaxassislari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi, deb xabar beradi O‘zA.
O‘zbekiston Respublikasi onkologiya ilmiy markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov va boshqalar O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro hamkorliklar samarasida onkologiya sohasi ham jahon tibbiyoti bilan hamqadam rivojlanayotganini alohida ta’kidladi.
Tadbirda rossiyalik mutaxassislarning limfoproliferativ kasalliklarni davolashning nazariya va amaliyotiga oid ma’ruzalari tinglandi. Onkologik kasalliklarni tashxislash va davolashning zamonaviy usullari bo‘yicha o‘zaro fikr va tajriba almashildi.
Tashrif doirasida Rossiya onkologiya ilmiy markazi delegatsiyasi Toshkent, Andijon va Samarqand viloyatlaridagi onkologiya dispanserlarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishdi. 50 dan ortiq bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Onkologiyaning dolzarb mavzularida seminar-treninglar tashkil qilindi. Shifokorlarni o‘qitish va malakasini oshirish, saratonga qarshi dasturlar ishlab chiqish, bu borada hamkorlikni faollashtirish, onkologiya xizmatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)