BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida mazkur haftada boshlangan yadro qurolini taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiya bo‘yicha muzokaralarda 115 dan ortiq davlat ishtirok etmoqda. Bu haqda 30-mart, payshanba kuni konferensiyaning raisi, Kosta-Rikaning butunjahon tashkiloti huzuridagi doimiy vakili Eleyn Uayt Gomes ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Muzokaralarda ishtirok etayotgan davlatlar soni 115 dan oshadi”, — dedi diplomat. U, shuningdek, muhokamalarda nodavlat tashkilotlarning 220 dan ortiq vakili ishtirok etayotganligini qo‘shimcha qildi.
Uning so‘zlariga qaraganda, forum ishtirokchilari ish tartibiga oid barcha masalalarni hal qilgan va bo‘lajak konvensiyaning batafsil muhokamasi, jumladan, uning asosiy maqsad va tamoyillari, kirish qismi va qaror qismi asosiy qoidalarini muhokama qilishga kirishgan.
Gomesning ma’lum qilishicha, qaror qismi yuzasidan yadro qurolini xarid qilish, ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish, undan foydalanish va uni qo‘llash tahdidiga oid ko‘plab takliflar bildirilgan.
Izoh (0)