O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zSSV matbuot kotibi Furqat Sanayev “Daryo”ga ma’lum qildi.
Uchrashuvda tibbiyot sohasidagi ilm-fan va ta’lim masalalarida o‘zaro tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozimligi ta’kidlandi, shuningdek, tomonlar shifokorlik amaliyotiga telemeditsina texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tajriba almashdi.
Ayni damda ikki mamlakat tibbiyot va ilmiy muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha o‘nta kelishuv imzolangan. Bundan tashqari, yana sakkizta ana shunday hujjat imzolanishi rejalashtirilmoqda.
Rossiyalik vazir ta’kidlashicha, bu darajadagi hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash va rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi hamda ikki davlat fuqarolarining farovonligiga xizmat qiladi.
Suhbat yakunida Veronika Skvorsova Alisher Shodmonovni Moskvada bo‘lib o‘tadigan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Sil kasalligi bo‘yicha birinchi global vazirlar konferensiyasida ishtirok etishga taklif etdi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)