1923-yildan bugungi kungacha dunyoda 540 dan ortiq aviahalokat yuz bergan. Halokatlarning sabablari turlicha bo‘lib, ular qatoridan yomon ob-havodan tortib teraktlar ham joy olgan. Qariyb yuz yil ichida yuz bergan samolyotlar halokati natijasida 53 mingdan ortiq inson qurbon bo‘lgan. “Kommersant” yaqin o‘tmishda yuz bergan eng yirik aviahalokatlarga e’tibor qaratdi.
1985-yil 23-iyunda Air-India kompaniyasiga qarashli Boeing 747-237B samolyoti halokatga uchragan. Havo kemasi Bombey — Dehli — Frankfurt-Mayn — Toronto — Monreal yo‘nalishida parvoz qilayotgan edi. Samolyotning yukxonasiga o‘rnatilgan bomba Boeing Atlantika okeani ustidan uchib o‘tayotgan vaqtda portlagan.
Halokat Boeing-747 da yuz bergan birinchi va Kanadadagi eng yirik terakt bo‘lgan. Halokat oqibatida 329 kishi halok bo‘lgan.
1977-yil 27-martda Kanar orollarining Tenerife shahridagi Los-Rodeos aeroportida ikki Boeing-747 samolyoti to‘qnashib ketgan. Inson omili tufayli yuz bergan baxtsiz hodisa aviatsiya tarixida qurbonlar soni bo‘yicha eng yirik halokat hisoblanadi. Aviahalokat natijasida 583 kishi qurbon bo‘lgan.
Halokatdan biroz oldin “Kanar orollari avtonomiyasi va mustaqilligi uchun harakat” jangarilar guruhi Las-Palmas aeroportining kutish zalida bomba portlatgan. Aeroport Los-Rodeos aeroportidan 100 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, bomba portlagandan so‘ng barcha reyslar Los-Rodeos aeroportiga yo‘naltirilgan edi.
1985-yil 12-avgustda Yaponiyaning Gumma prefekturasida Japan Airlines aviakompaniyasiga tegishli Boeing-747SR havo kemasi halokatga uchradi. Atigi 4 kishi omon qolgan, 520 kishi, shu jumladan, ekipajning barcha a’zolari halok bo‘lgan.
Samolyot Xaneda aeroportidan havoga ko‘tarilganidan 12 daqiqa o‘tib boshqaruvni yo‘qotgan va aeroportdan 88 kilometr uzoqlikda joylashgan Osutaka tog‘iga borib urilgan. Samolyot qulagandan so‘ng yong‘in yuz bergan va u 14 soat davomida qutqaruvchilarga halokat joyiga yaqinlashishga imkon bermagan. Texnik ko‘rikni kerakli darajada o‘tkazmagani uchun aviakompaniya halokatda aybdor deb topilgan.
1974-yil 3-martda Parij yaqinidagi Ermenonvil aholi punktida Turkish Airlines aviakompaniyasiga qarashli Istanbul — Parij — London yo‘nalishida uchayotgan McDonnell Douglas DC-10-10 samolyoti quladi. Samolyot bortida bo‘lgan 346 kishining barchasi halok bo‘lgan.
Halokatga samolyotdagi texnik nosozlik, aniqrog‘i samolyot yukxonasi eshiklarining qulf tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgan. Uch kilometr balandlikda bosimlar o‘rtasidagi farq sababli yukxona eshigi ochilib ketgan va boshqaruv tizimining izdan chiqishiga olib kelgan. Samolyot katta tezlikda tumshug‘i bilan yerga urilgan. Halokat shu kungacha Fransiya tarixidagi eng yirik aviahalokat bo‘lib qolmoqda.
1996-yil 12-noyabrda Dehli osmonida Saudiya Arabistoniga uchib ketayotgan Boeing-747 va Qozog‘istondan uchib kelayotgan Il-76 TD charter samolyoti to‘qnashgan va kuchli portlash yuz bergan. 349 kishi halok bo‘lgan.
Halokat sabablari shu kungacha aniqlanmagan. Halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi havoda jon bergan. Samolyot bo‘laklari tushgan qishloq aholisidan hech kim jabrlanmagan. Yo‘lning yo‘qligi sababli qutqaruv xizmati, shifokorlar va o‘t o‘chiruvchilar bir necha soatdan keyin halokat joyiga yetib borgan. Bu vaqt ichida halokat joyiga yig‘ilgan mahalliy aholi qurbon bo‘lganlarning shaxsiy buyumlarini o‘g‘irlab ketishga ulgurgan.
1988-yil 3-iyulda Eronning Bandar-Abbos shahridan BAAning Dubay shahriga uchayotgan Airbus A300B2-203 samolyotini Fors ko‘rfazi ustida AQSh harbiy dengiz kuchlari tomonidan uchirilgan raketa urib tushirgan. 290 kishi, shu jumladan, 66 nafar yosh bola halok bo‘lgan. AQSh harbiy dengiz kuchlari halokatni xato tufayli yuz bergan deb izohlagan.
1979-yil 25-mayda Chikagodan Los-Anjelesga parvoz qilayotgan McDonnell Douglas DC-10-10 samolyoti qulagan. 273 kishi qurbon bo‘lgan.
Halokatga samolyotdagi texnik nosozlik sabab bo‘lgan — havoga ko‘tarilish vaqtida chap dvigatel gidrotizimlardan birini ishdan chiqargan va chap qanotga zarar yetkazgan. Nima bo‘layotganini tushunmagan ekipaj yo‘riqnoma bo‘yicha harakatni davom ettirgan va Chikago yaqinida qulagan.
2003-yil 19-fevralda Eronning Kermon shahri yaqinida bortida Islom inqilobi soqchilar korpusining jangchilari bo‘lgan Il-76MD samolyoti quladi. 275 kishi halok bo‘lgan. Halokatga noqulay ob-havo sabab bo‘lgan.
2001-yil 12-noyabrda Nyu-York — Santo-Domingo yo‘nalishida parvoz qilayotgan Airbus A300 layneri halokatga uchradi. Samolyot Kvins shahri atrofidagi aholi yashash punktiga qulagan va 265 kishi qurbon bo‘lgan.
Halokat sabablaridan biri sifatida terakt ko‘rsatilgan bo‘lsa ham, samolyot biroz avvalroq uchib o‘tgan Boeing-747 havo kemasining havo oqimiga tushib qolishi natijasida qulagan deb topilgan. Uchuvchi nima bo‘layotganini tushunmasdan noto‘g‘ri harakat qilgan.
2014-yil 17-iyulda Amsterdam — Kuala-Lumpur yo‘nalishida uchayotgan Malaysia Airlines kompaniyasiga qarashli Boeing-777 havo kemasi Donetsk shahri yaqinida urib tushirilgan. Samolyot bortida bo‘lgan 298 kishining barchasi halok bo‘lgan.
2015-yil 31-oktabrda bortida 224 kishi bo‘lgan “Kogalimavia” kompaniyasiga tegishli A321 samolyoti terakt natijasida qulagan. Ekspertlar tomonidan aniqlanishicha, layner bortida bomba portlagan.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)