O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan yana bir yarim soatdan so‘ng Suriyaga qarshi maydonga tushadigan O‘zbekiston milliy terma jamoasining boshlang‘ich tarkibini e’lon qildi.
Babayan tarkibidan va nihoyat hujumchi Igor Sergeyev joy olmadi. U saralashning hal qiluvchi bosqichida 5 ta o‘yinda maydonga tushib, bitta ham gol urmagandi. Suriyaga qarshi uning o‘rnida Qatar chempionatidagi 6 ta o‘yinda 4 ta gol urgan Temurxo‘ja Abduxoliqov to‘p suradi. Avvalroq Samvel Babayan mazkur hujumchini terma jamoa prinsiplariga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblagandi.
Jarohati sabab Malayziyaga yetib kela olmagan Vitaliy Denisovning o‘rnini Islom To‘xtaxo‘jayev egalladi. U aslida markaziy himoyachi bo‘lib, “Lokomotiv”da ham shu pozitsiyada to‘p suradi. Samvel Babayan Islomni termaning o‘ng qanotida o‘ynayotgandi, endi esa chap qanotga ko‘chirib o‘tqazdi. Futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida qachon o‘z pozitsiyasida to‘p surishi aniq emas.
Himoya markazi odatga ko‘ra Anzur Ismoilov va Yegor Krimetsga ishonib topshirildi. Qayd etish kerak, mart oyida start olgan Xitoy Super ligasida Krimets bir marta ham qaydnomaga kiritilmadi va rasmiy o‘yinlarda ishtirok etmadi. Unda o‘yin amaliyoti yaxshi formada emas.
Maydon markazidagi uchlik o‘zgarmadi: Odil Ahmedov, Aziz Haydarov va Server Jeparov. Jarohatlangan Eldor Shomurodovni “Lokomotiv”da to‘p surayotgan Jaloliddin Masharipov almashtirgan. Unga jamoadoshi Marat Bikmayev ko‘mak beradi.
Qatar Yulduzlar ligasining yetakchi futbolchilaridan biri bo‘lib turgan va 12 ta gol bilan to‘purarlar orasida borayotgan Sardor Rashidov zaxirada qoldirilgan.
Izoh (0)