Alstom vodorodda harakatlanadigan birinchi poyezdni sinovdan o‘tkazdi (video)

Fransiyaning Alstom konserni o‘tgan hafta oxirida vodorod yoqilg‘isi yordamida harakatlanadigan birinchi poyezd — Coradia iLint sinab ko‘rdi, deya xabar beradi “Kommersant”.

Sinov Quyi Saksoniya mashq maydonida bo‘lib o‘tdi. Poyezd tezlikni soatiga 80 kilometrgacha oshira oldi. Konsern yaqin oylarda poyezd sinovlarini Germaniya va Chexiyada davom ettirish niyatida.

Coradia iLint keyingi yildanoq muntazam yo‘lovchi tashish reyslarida ishlashni boshlashi mumkin.

Kompaniyadan ma’lum qilishlaricha, sinov to‘rt hafta davom etadi. Bu vaqt ichida poezdning energiya tejovchi hamda tormoz tizimlarining barqaror ishlashi tekshiriladi.

“Bu test nafaqat atrof-muhit mufohazasi, balki texnik innovatsiya uchun ham muhim bosqichdir. Coradia iLint’da qo‘llanilayotgan yoqilg‘i elementlari texnologiyasi sharofati bilan Alstom jamoat transportidagi poyezdlar o‘rnini bosuvchi muqobilni taklif qilgan ilk vagonsozlik kompaniyasi bo‘ldi”, — deya ta’kidladi Alstom konserni vitse-prezidenti Didye Pfleger.

Coradia iLint — vodorod yoqilg‘i elementi yordamida harakatlanadigan past polli yo‘lovchi poyezdi. Alstom konsernidan ma’lum qilishlaricha, poyezd deyarli shovqinsiz harakatlanadi, undan chiqadigan yagona chiqit — bug‘ va suvdir. Kompaniya hozirdanoq Germaniyaning bir qator hududlariga 60 ta shu kabi poyezdni yetkazib berishga kelishib oldi.

“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing