O‘zbekiston va Turkiya umumiy qiymati bir milliard dollardan oshuvchi hujjatlar to‘plamini imzoladi. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.
Hujjatlar Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi yakuni bo‘yicha imzolandi. Tashrif 2017-yil 26-fevralidan 2-martiga qadar davom etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda bosh vazir Binoli Yildirim tomonidan qabul qilindi.
Shuningdek, delegatsiya Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya raislaridan biri va bosh vazir o‘rinbosari Tug‘rul Turkesh, iqtisodiyot vaziri Nihat Zeybekchi, madaniyat va turizm vaziri Nabi Avjiy hamda qator yirik xolding, kompaniya va xususiy soha tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston—Turkiya biznes-forumi, davra suhbatlari, Istanbul va Anqarada ikki tomonning sohalar bo‘yicha idora va kompaniya raislari ishtirokida xizmat uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv va muzokaralarda tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini aniqlab oldi. Shuningdek, O‘zbekistonda turizm sohasidagi infratuzilmani yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi. O‘zbekiston va Turkiya vakillari ikki mamlakatning transport kommunikatsiyasi sohasidagi hamkorligi masalalarini ham ko‘rib chiqdi.
Tadbirlar yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 1 milliard dollardan ziyod mablag‘ga teng hujjatlar to‘plami imzolandi.
Izoh (0)