Londonning “Arsenal” klubi Yevropa Chempionlar ligasining nimchorak finalidan ketma-ket yettinchi bor uchirma bo‘ldi. Uchrashuvdan keyin klub bosh murabbiyi Arsen Venger jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
Biz o‘yin avvalida rejalashtirganimiz futbolni namoyish qila oldik. Biroq hakamlar qarori borasida omadimiz umuman kelmadi.Biz oldinda borayotganimizda Uolkott yuz foizlik penalti ishlagandi. Levandovskidagi offsaydni hakamlar ko‘rmadi. Bizning darvozamizga esa penalti belgilandi, qo‘shimchasiga Koselni maydondan chetlatildi. Shundan keyin o‘yinni yakunlab qo‘yish qiyin kechdi.
Xullas, men hakamlarni tushuna olmadim. Vaholanki jamoam raqibga yetarlicha qarshilik qila olayotgandi. Sen bir kishi kam qola turib 4 ta gol urishing kerak bo‘lsa, futbolchilarda buning iloji yo‘q degan fikr paydo bo‘ladi. Eng yomoni, penalti berilgan vaziyatda Levandovski offsaydda turgandi. Hakam oldin sariq ko‘rsatdi, keyin uni qizilga aylantirdi. Bu endi jiddiy ish emas.
Hisob 1:2 bo‘lganida keyingi bosqich masalasi yo‘qqa chiqib bo‘lgandi. Chunki hakamlar butun ikkinchi taymni rasvo qilib ulgurgandi. Muxlislarga achindim. Ular shunday futbol ko‘rish uchun katta pulga chipta xarid qilishmagandi.
Hisob o‘yinimiz sifatini ko‘rsatmaydi. Biz qiyin bo‘lishini oldindan bilib, g‘ururimiz uchun to‘p surishni niyat qilgandik. Menimcha bunga erisha oldik.
Arsen Venger, “Arsenal” bosh murabbiyi
“Bavariya” bosh murabbiyi Karlo Anchelotti ham raqibning dastlabki 1 soatdagi o‘yiniga yuqori baho berdi.
Qiyin o‘yin bo‘ldi. Dastlabki 60 daqiqa “Arsenal” yaxshi o‘ynadi va yetarlicha muammo tug‘dirdi. Ularning bosimi sabab oddiy vaziyatlarda xatolarga yo‘l qo‘ydik.O‘yinga g‘alati deb ta’rif berardim. Biroq futbolda bunday holatlar bo‘lib turadi. Uchrashuv natijasi maydonda ro‘y bergan voqealarga umuman mos bo‘lmadi. Chunki penaltidan keyin biz hech qanday bosimga to‘qnash kelmadik.
Karlo Anchelotti, “Bavariya” bosh murabbiyi
Ma’lumot uchun, “Arsenal” — “Bavariya” uchrashuvi gretsiyalik Tasos Sidiropulosga ishonib topshirilgandi.
Izoh (0)