O‘zbekiston Oliy sudida 28-fevral kuni Oliy sud raisi Shoyunus G‘oziyev hamda BMT Rezident koordinatori, BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi doimiy vakili Stefan Prisner o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Sud, BMTTD va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi qo‘shma loyihasining mutaxassisi Jaloliddin Badalov xabar berdi.
Tomonlar 2017—2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2016-yil 21-oktabrda qabul qilingan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2017-yil 21-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmonlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida o‘zaro keyingi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Tegishli vazifalarni amalga oshirish maqsadida tomonlar Oliy Sud, BMTTD va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasining keyingi bosqichidagi asosiy hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihaning amaldagi va kelgusi bosqichida belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha mavjud aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)