Ba’zilar “La-La Lend”ning olti karra g‘alabasidan quvonayotgan, boshqalar esa zudlik bilan “Oy shu’lasi”ni tomosha qilayotgan bir paytda, biz yilning eng asosiy qizil yo‘lakchasidagi liboslarni muhokama qilamiz va eng yaxshi obrazlar qaysi brendlarga taalluqli ekanligi haqida gapiramiz.
Armani
“Oskar” qizil yo‘lakchasining mutlaq chempioni bu yil Jorjio Armani bo‘ldi. Uning liboslarini marosimga bir yo‘la uch nafar nomzod: Izabel Yupper (“U”), Viola Devis (“To‘siqlar”) va Nikol Kidman (“Sher”) kiyib keldi.
Shuningdek, aktrisa Emma Roberts Armani Prive vintaj ko‘ylagida namoyon bo‘ldi.
Christian Dior
Hashamat va nafosatning mukammal uyg‘unligini Sharliz Teron brendning metall rangidagi ko‘ylagida namoyish qildi. Felisiti Jons marosimga tana rangidagi pachka ko‘ylak, Kirsten Danst esa 40-yillar ruhidagi qora libosda keldi.
Givenchy
“Eng yaxshi aktrisa” yo‘nalishida “Oskar”ni qo‘lga kiritgan Emma Stoun yig‘ilganlarni Givenchy bosh direktori Rikardo Tishi tomonidan u uchun maxsus yaratilgan tillarang ko‘ylak bilan qoyil qoldirdi. O‘z lavozimini tark etish arafasida Tishi aktrisaning muvaffaqiyatiga ishongan holda, u uchun asl gollivudcha libos tikib berdi.
Calvin Klein
Dizayner Raf Simons Calvin Klein uchun yaratgan debyut kolleksiyadagi ko‘ylak “Oskar” marosimida brendga tegishli yagona ammo ko‘zga ko‘rinarli libos bo‘ldi. Shleyf bilan bezatilgan oppoq libosni “Oy shu’lasi”da ikkinchi darajali rolni ijro etgan Naomi Xarris kiyib keldi.
Izoh (0)