O‘zbekistonning birinchi raqamli raketkasi Denis Istomin ATP reytingida ko‘tarilishda davom etdi. U endilikda dunyoning 68-raqamli tennischisi bo‘lib oldi.
Avstraliya ochiq chempionatidan keyin Istomin 80 talikka kirib olgan bo‘lsa, shundan keyin har hafta reytingda o‘sishga erishib, 12 pog‘ona yuqoriladi. Uning uchun eng yaxshi ko‘rsatkich 2012-yilda kuzatilgan bo‘lib, avgustning 13-sanasida Istomin dunyo reytingida 33-pog‘onanini egallab turgandi.
Istominning o‘sishiga Dubayda bo‘lib o‘tayotgan turnir ham yordam berdi. U saralash bosqichini 27-fevral kuni vengriyalik Martin Fusovichga qarshi o‘tkazdi hamda 6:1, 7:6 hisoblarida ustun kelib, asosiy to‘r bellashuvlariga yo‘l oldi.
Endilikda uning raqibi gollandiyalik Robin Xaas bo‘ladi. Ayni vaqtda Xaas ATP reytingida Istomindan ikki o‘rin yuqorida turibdi. Qiziq tomoni, ular shu kunga qadar ikki bor to‘qnash kelgan va ikkisida ham gollandiyalik raketka ustasining qo‘li baland kelgan.
Izoh (0)