Ispaniya La ligasining 24-turiga kelib chempionlik uchun kurash olib borayotgan Madridning “Real” va Kataloniyaning “Barselona” klublari markaziy o‘yinlarda maydonga tushishi kerak edi.
Luis Enrike boshchilik qilayotgan “Barselona” Madridda “Atletiko” klubiga qarshi saf tortdi. Mazkur qarama qarshilikka “Visente Kalderon” stadioni so‘nggi bor mezbonlik qildi. Kelasi yildan boshlab tomonlar “Atletiko”ning yangi uy arenasida to‘qnash keladi.
Uchrashuv debyutini mezbonlar katta ustunlik bilan boshlagan bo‘lsa-da, buni o‘yin yakuniga qadar davom ettira olmadi. Lionel Messining so‘nggi daqiqalarda kiritgan goli yakunda “Barselona”ga muhim 3 ochko taqdim etdi.
Madridning “Real” klubi esa “Vilyarreal” maydonida yanada qiyin ahvolga tushib qoldi. Mezbonlar 56-daqiqaga kelib 2 ta gol farqi bilan oldinga chiqib olishga ulgurgandi. Shunga qaramay “Qirollik klubi” o‘z irodasini namoyish qildi va bellashuv yakuniga qadar 3 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Har uch gol yetakchi futbolchilar tomonidan kiritildi: Garet Beyl, Krishtianu Ronaldu va Alvaro Morata. Beyl jarohatdan qaytishi bilan gollar urishni boshlagan bo‘lsa, Morata mavsum davomida bir necha bor “Real”ni qutqarishga muvaffaq bo‘ldi. Shunga qaramay Zinedin Zidan Karim Benzemaga ko‘proq ishonishda davom etmoqda.
Ispaniya La ligasi 24-tur 26-fevral, yakshanba
Izoh (0)