Angliyaning amaldagi chempioni “Lester” italiyalik bosh murabbiy Klaudio Ranyerini iste’foga chiqardi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Sabab sifatida jamoaning joriy mavsumdagi qoniqarsiz natijalari ko‘rsatildi. “Lester” APLni tark etishi mumkin bo‘lgan klubni bor-yo‘g‘i 1 ochkoga ortda qoldirayotgani vaziyatni xavfli ko‘rinishga olib kelgan.
Ranyeri “tulkilar”ni 2015-yilda qabul qilib olgan bo‘lib, 133 yildan keyin “Lester”ni Angliya taxti sari yetaklab kelgandi. Uning chempionligi nafaqat mamlakatda, balki butun dunyoda katta hayajon bilan qarshi olindi. Tarkibida birorta yulduz futbolchisi yo‘q bo‘lgan va byudjeti yetakchi klublarnikidan ancha kam bo‘lgan “Lester”ning natijasi tarixga muxrlangandi. Bu voqeaga bir yil ham to‘lmasdan klub rahbariyatini Ranyerining iste’fosini eng to‘g‘ri qaror deb bildi.
“Lester”ga e’tibor qaratayotgan yettinchi yilimizdagi eng og‘ir qarorni qabul qildik. Bu jamoa kelajagini o‘ylab amalga oshirildi.Klaudio kuchli mutaxassis, yaxshi yetakchi, boy tajribaga ega bo‘lgan inson. Uning harakati va mehnati “Lester”ni xalqaro miqyosga olib chiqdi. Biz Ranyerining “Lester” uchun qilgan ishlaridan bir umrga minnatdormiz.
Biz jamoa o‘tgan yilgi aqlbovar natijasini takrorlaydi deb kutmagandik. Asosiy maqsad APLda jon saqlab qolish edi. Fikrimizcha bu vazifani ado etish uchun klubga yangi qon kerak.
Ayyavatt Shrivaddanaprabxa, “Lester” vitse-prezidenti
Klaudio Ranyeri 2016-yil yakunlariga ko‘ra Angliyaning eng yaxshi murabbiyi deb topilgandi. Biroq yanvar oyida bu sovrinni qabul qilib olgan italiyalik fevral oyidayoq ariza yozishga majbur bo‘ldi.
Qiziq tomoni, 2015-yil yakunlariga ko‘ra Joze Mourinyo “Chelsi”ni chempion qilgan va kelasi mavsumdayoq iste’foga chiqarilgandi. 2016-yilda “Lester”ga oltin medal olib bergan Klaudio Ranyerida ham xuddi shunday bo‘ldi.
Ranyeri boshqaruvida “Lester” o‘zining so‘nggi uchrashuvini Chempionlar ligasida “Sevilya”ga qarshi o‘tkazib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Izoh (0)