22-fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov Yengil atletika federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasini o‘tkazdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
Unda federatsiyaning 2013—2016-yillarda amalga oshirgan ishlari yuzasidan rahbariyat hisoboti tinglandi va yengil atletika sport turi O‘zbekistonda rivojlanib, yangi iqtidorlar safi kengaygani aytildi.
Rio—2016 Olimpiadasiga eng ko‘p yo‘llanmani aynan yengil atletikachilar qo‘lga kiritdi. Garchi ularning hech biri sovrindorlar qatoriga kira olmagan bo‘lsa-da, o‘zbekistonlik sportchilar Olimpiadaga qadar bo‘lgan musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgandi.
Shundan kelib chiqib, tashkilot raisi G‘ulomjon Ibragimov o‘z lavozimiga qayta saylandi. Uning boshqaruvida Yengil atletika federatsiyasi Tokio—2020 Olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtirok etish missiyasini boshlaydi. Qayd etish kerak, G‘ulomjon Ibragimov bir vaqtning o‘zida mamlakat bosh vazirining o‘rinbosari ham hisoblanadi.
Ibragimovga bu borada “O‘zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruv raisining o‘rinbosari Olimjon Rustamov birinchi o‘rinbosar sifatida yordam beradi.
Konferensiya, shuningdek, Abdullo Sagdiyev, Behzod Mirtemirov, Baxtiyor Ikramjanovlarning rais o‘rinbosari, Kamoliddin Ro‘zimuhamedovning esa tashkilot bosh kotibi bo‘lishiga oydinlik kiritib berdi.
Ma’lumot uchun, ayni vaqtda Toshkentdagi “Paxtakor” stadioniga yondosh hududda yengil atletika uchun maxsus sport majmuasi hamda federatsiyaning yangi binosi qad rostlamoqda. Rejaga ko‘ra mazkur majmua shu yilning aprel oyida foydalanishga topshiriladi.
Izoh (0)