Italiya poytaxti Rim shahrida o‘tgan dam olish kunlari turizm sohasida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida politsiya tomonidan bir qator reydlar o‘tkazildi. Shulardan birida senegallik ko‘cha savdogari Vatikan yaqinida qo‘lga olindi va mahsulotlari musodara qilinayotganda politsiya xodimini tishlab oldi, deb yozadi “RIA Novosti”
Huquq-tartibot xodimi shifoxonaga yetkazildi, hujum qilgan savdogar hibsga olindi. Ko‘cha savdogarlaridan jami 7 mingga yaqin turli predmetlar olib qo‘yildi.
Italiya poytaxti shimoli-sharqida qadimiy Rim askarlari kostyumida sayyohlar bilan suratga tushish orqali daromad ko‘rgan ikki kishi 400 yevro jarimaga tortildi. Bundan tashqari, politsiyachilar ularning qurol-yarog‘larini olib qo‘ydi.
Shuningdek, huquq-tartibot xodimlari tezkor reyd o‘tkazib, noqonuniy ravishda mashinasini yo‘l chetida tashlab ketgan avtomobil egalariga 82 ming yevroga teng qariyb 2 mingta jarima yozdi.
2016-yilning dekabr oyida Rim rasmiylari shahar ko‘chalarida tarixiy kostyumlarda sayyohlar bilan suratga tushishni taqiqladi. Bunga asosiy sabab sifatida sayohatchilarning cho‘ntak o‘g‘rilaridan jabr ko‘rishi va suratlarning qimmatligi (har bir surat uchun 20 dan 100 yevrogacha) ko‘rsatilgan.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)