3-fevral kuni Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster Universitetining 15 yilligi munosabati bilan xayriya konserti o‘tkazildi. Bu haqda universitet matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
“Ezgulik navolari” xayriya konserti TXVUda 2012-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Universitetning tavallud topgan kunini chiroyli tadbirlar bilan nishonlash go‘zal an’anaga aylangan. Bu yilgi konsertning katta ahamiyatga egaligi shundaki, tadbirga universitetni tashkil etishda qatnashgan barcha ustozlar taklif qilindi.
An’anaga ko‘ra tadbirning boshlanishida o‘tgan yilning natijalari va universitet rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari aytib o‘tildi.
Universitet BMT Taraqqiyot Dasturi, Osiyo Taraqqiyot Banki, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, hamda Iqtisodiy tadqiqotlar markazi bilan hamkorlik qiladi. Universitetda doimiy ravishda hammaga ochiq bo‘lgan tadqiqot seminarlar o‘tkaziladi. Ushbu seminarlarni amaliy fanlarda va tegishli sohalarda katta amaliyotga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar olib boradi.
3-fevral kunining bayram konserti dasturida universitetning iste’dodli talabalarining yorqin chiqishlari bilan bir qatorda, O‘zbekiston Xalq artisti Mansur Toshmatov, “Zo‘r-zo‘r star” tanlovi g‘olibi Ulug‘bek Xoliqov ijro etgan kompozitsiyalar ham yangrab o‘tdi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, konsertning xayriya shaklida o‘tkazilishi 2012-yildan beri an’anaga aylanib qolgan. Bu yil esa TXVU va litseyi talabalari orqali yig‘ilgan barcha mablag‘lar 2-sonli “Muruvvat” bolalar internatiga yo‘naltiriladi.
Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster Universiteti (TXVU) 2002-yil 16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tashabbusi va Vazirlar Mahkamasining qarori asosida tashkil qilingan. TXVU Markaziy Osiyodagi xalqaro toifadagi akkreditatsiyadan o‘tgan birinchi universitetdir. 15 yil mobaynida universitetni 2200 dan ortiq talaba tamomladi va hozirgi kunda ular O‘zbekistonning rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)