“Yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlari tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasidan Adliya vazirligi boshqaruviga o‘tkazilmoqda. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil, 1- fevraldagi “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida o‘z aksini topdi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Qarorga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, o‘zgarishlar davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida sansolarlik, byurokratik to‘siqlar va rasmiyatchilik holatlari vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash orqali ularning sifati va samaradorligini tubdan oshirishga qaratilgan.
Banklar va kredit byurolari, ularning filiallari va vakolatxonalaridan tashqari barcha tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish “yagona darcha” markazlari zimmasiga yuklatilmoqda. Bunday chora tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning mavjud tarqoq tizimi o‘rniga yangi, yaxlit tizimni yaratishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “yagona darcha” markazlari faoliyatiga umumiy rahbarlikni hamda tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishga oid qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi vakolatli organ etib belgilandi. Mazkur vazifalarni bajarish uchun Adliya vazirligida Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi, joylarda esa uning hududiy bo‘limlari tashkil etiladi.
“Yagona darcha” markazlari orqali davlat xizmatlarini sifatli va samarali ko‘rsatishga to‘sqinlik qiladigan muammoli masalalarni tezkorlik bilan hal etish uchun tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika va hududiy komissiyalar tashkil etilmoqda.
Qarorda talab eng yuqori bo‘lgan qo‘shimcha 86 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni “yagona darcha” markazlari orqali rasmiylashtirish mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilmoqda. “Yagona darcha” markazlari barcha zarur kelishish tartib-taomillarini tadbirkorlik subyekti ishtirokisiz mustaqil amalga oshiradi.
2018-yil 1-yanvardan boshlab “yagona darcha” markazlari orqali taqdim etiladigan litsenziya va ruxsatnomalarni qog‘oz shaklidagi maxsus blankalarda majburiy rasmiylashtirish talabi bekor qilinadi.
Berilgan, to‘xtatib qo‘yilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan, shuningdek, amal qilishi tugatilgan ruxsatnoma va litsenziyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Litsenziya” axborot tizimlari majmuasi orqali olish imkoniyati yaratiladi. Mazkur majmua 2017-yilning 1-choragidan ishga tushiriladi. Tadbirkorlar nafaqat davlat xizmatlarini elektron shaklda olish, balki arizalarni ko‘rib chiqish jarayonini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.