Beshta vazn toifasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan, professional ringda 49 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan va yengilmas nomini olgan bokschi Floyd Meyvezer 2015-yili faoliyatini yakunlagan edi. O‘zini afsonaviy Muhammad Alidan buyuk deb hisoblagan 39 yoshli bokschi Mayweather Promotions promouterlik kompaniyasi asoschisi hisoblanadi. Kompaniyaning rasmiy saytida boks olamining mashhur yulduzi birga ishlayotgan va kelajakda ularning ulkan yutuqlarga erishishiga ishonayotgan 26 nafar charm qo‘lqop ustasining nomi e’lon qilindi, deb yozadi “Sports.uz”. Ular orasida o‘zbekistonlik Sanjarbek Rahmonov ham o‘rin olgani alohida ahamiyat kasb etadi.
Jervonta Devis, 22 yosh
Natija: 17-0 (16 KO)
Nimasi bilan qiziq: Meyvezer jamoasidagi eng umidli bokschilardan biri
Ko‘chada mushtlashganidan keyin 5 yoshida boks zaliga olib kelingan bu bokschi havaskorlar o‘rtasida katta tajriba to‘pladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, havaskorlar o‘rtasida 206 ta g‘alaba va 15 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Professional boksga o‘tgach, Meyvezerning jamoasidagilar orasida birinchi bo‘lib jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. U bir necha kun oldin IBF yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni – Puerto-rikolik Xose Pedrasaga qarshi ringga chiqdi va raqibini nokautga uchratdi.
Sanjarbek Rahmonov, 27 yosh
Natija: 6-0-1 (3 KO)
Nimasi bilan qiziq: Meyvezer jamoasidagi yagona MDH vakili
Sanjarbek Rahmonov Floyd Meyvezer ishonch bildirgan MDH davlatlarining yagona vakili. O‘zbekistonlik bokschi havaskorlar o‘rtasida katta tajribaga ega. Sanjarbek Osiyo chempioni va Osiyo o‘yinlari sovrindori sanaladi. 2015-yili u Floyd Meyvezer kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi. O‘zbekiston vakili ilk jangini mashhur bokschilar Edriyen Broner va Shon Porter bahsi oldidan o‘tkazgan. Keyingi bellashuvi Floyd Meyvezerning so‘nggi jangi oldidan bo‘lgan. Sanjarbek uchun professional boksdagi dastlabki qadamlari og‘ir kelgan, u professional boksdagi birinchi sparring jangidan so‘ng faoliyatini tugatishni o‘ylab qolgandi. Lekin hammasi ortda qoldi. Sanjarbek Rahmonov professional boksdagi sakkizinchi jangini shu yilning 24-fevral kuni o‘tkazadi.
Sharif Bogere, 28 yosh
Natija: 29-1 (20 KO)
Nimasi bilan qiziq: Meyvezer jamoasining eng g‘ayrioddiy bokschisi
Sharif boksga o‘z do‘stini kuzatgani kelib, zalda qolib ketdi. U ko‘chada qurollangan jinoyatchilar bilan ham mushtlashdi, mashg‘ulotlardan keyin ichish uchun suv qidirishiga to‘g‘ri keldi. Hamma qiyinchiliklarni yenggan Sharif havaskorlar o‘rtasida 68 ta jangda g‘alaba qozonib, 4 tasida mag‘lubiyatga uchragan. U besh karra Afrika chempioni ham bo‘ldi. Keyin esa professional boksga qadam qo‘ydi. 2013-yili bokschi WBA yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionligi uchun jangda alamli mag‘lubiyatga uchradi.
Endryu Tabiti, 27 yosh
Natija: 13-0 (11 KO)
Nimasi bilan qiziq: Meyvezer jamoasidagi og‘ir vaznda ishtirok etuvchi yagona bokschi
Meyvezer kompaniyasidagi yagona og‘ir vaznli bokschi. Amerikalik bu yigit bokschilar o‘rtasida odobi bilan mashhur. Endryu nafaqat ringda, balki ko‘chada ham umuman nomaqbul so‘zlarni ishlatmaydi. Biroq ringdagi vajohati tufayli “Hayvon” degan laqabni orttirib oldi.
Latondriya Jons, 30 yosh
Natija: 5-0 (2 KO)
Nimasi bilan qiziq: Meyvezer jamoasidagi yagona ayol bokschi
Meyvezer jamoasidagi yagona ayol bokschi. O‘ta kuchli zarba sohibasi. Amerika qonunchiligi bu qizni 24 yilga qamoqqa hukm qilmoqchi bo‘lgan. Lekin Latondriya bu jazodan qanday qutilib qolganini hech kimga aytmaydi.
Xose Vargas, 18 yosh
Natija: 6-1 (4 KO)
Nimasi bilan qiziq: Professional faoliyat uchun maktabni tashladi
Bu yigitcha professional bokschi bo‘lish uchun maktabdagi o‘qishini tashlab ketgan. Havaskorlar boksida o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan. Professional bokschi maqomini olgunga qadar 72 ta jangda g‘alaba qozongan. Maqtanchoq bokschi maktabdan ko‘ra ringda imkoniyati ko‘pligini ta’kidlab keladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)