25-yanvar kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Parlament quyi palatasi a’zolari o‘z ishini Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2016-yildagi faoliyati yakunlarini muhokama qilishdan boshladi.
Palataning hisobot davridagi faoliyati tanqidiy baholandi, deputatlarning qonun ijodkorligi va parlament nazorati kabi muhim yo‘nalishlardagi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar belgilandi.
“Deputatlar Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 14-dekabrda Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida hamda Vazirlar Mahkamasining O‘zbekistonni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisida belgilab bergan vazifalarni amalga oshirish kelgusida Qonunchilik palatasining joriy faoliyatida ustuvor yo‘nalish bo‘lishini ta’kidladi”, — deyiladi O‘zA axborotida.
Shuningdek, ishlarning holatini shaxsan o‘rganish va aholining zaruriy ehtiyojlarini hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida deputatlarning joylardagi faoliyatiga alohida e’tibor qaratiladi.
Majlisda parlament a’zolari Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)